Mamlakatimizda so`z erkinligi, inson huquqlariga e`tibor kuchaygan so`nggi uch yilda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda jazoni ijro etish muassasalari faoliyatiga doir xolis ma`lumotlar bilan birga, asossiz xabarlar tarqatish hollariga ham duch kelinayotgan edi.
Shahrizod Shokirov vaziyatni yaxshi bilardi. Shuning uchun penitensiar tizim faoliyatini tartibga soluvchi Jinoyat-ijroiya kodeksini o`rganishni ancha oldinroq boshlab yuborgan edi. U Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Axborot xizmati boshlig`i lavozimiga tayinlangach, ommaviy axborot vositalari vakillarining sohaga oid savollariga malakali javob berish uchun vazirlikning tegishli me`yoriy hujjatlarini puxta o`rgandi, jazoni ijro etish koloniyalari hayoti bilan yaqindan tanishdi. Shuning barobarida aholini ham jazoni ijro etish muassasalari faoliyatidan xabardor qilish uchun OAV imkoniyatlaridan ustalik bilan foydalandi.
Shu yilning yanvaridan yangi lavozimda ish boshlagan Sh.Shokirov, birinchi chorakda internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga 94 ta material joylashtirdi. Bu har kuni qaysidir saytda yoki ijtimoiy tarmoqda soha haqida bitta xabar e`lon qilindi degani. Bundan tashqari, matbuotda 58 ta maqola chop etilishiga erishdi. Televidenie orqali 40 ta lavha va ko`rsatuv efirga uzatildi, radio orqali 8 ta chiqish qilindi.
Joriy yilning fevral va mart oylarida Yurtboshimiz tomonidan imzolangan afv etish to`g`risidagi farmonlarga asosan ozod etilganlar to`g`risidagi 15 dan ortiq lavhalar «O`zbekiston – 24; «Yoshlar», «Mening yurtim» telekanallarida o`zbek va rus tillarida efirga uzatildi.
Bular hali hammasi emas. Lavhamiz qahramoni «Sevimli» telekanali bilan hamkorlikda «Qafasda» ko`rsatuvini tasvirga olishni yo`lga qo`ydi. Dastlabki uch oy ichida ko`rsatuvning to`rtta soni tomoshabinlar hukmiga havola etildi. Hozirgacha tizim xodimlari bilan bog`liq aholi o`rtasida keng muhokamaga sabab bo`lgan voqea-hodisalar bo`yicha o`z vaqtida ma`lumot berilishini va huquqiy munosabat bildirilishini ta`minlab kelyapti. Uning tezkorligi tufayli IIV JIEBB faoliyatiga doir asossiz salbiy munosabat yoki xabarlarga hozirjavoblik bilan raddiyalar berilyapti. Ko`rinib turibdiki, u nisbatan qisqa vaqt ichida ko`plab telekanallar, gazeta-jurnallar, veb-saytlar, radiokanallar bilan ijodiy hamkorlik o`rnatishga muvaffaq bo`ldi.
Darvoqe, Axborot xizmati sohasi uning uchun begona emas. Zero,
2018–2019 yillarda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Axborot xizmati bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat ko`rsatgan. Ungacha ushbu tashkilot qoshidagi «Yoshlar ovozi» radiosi koordinatori, «Yoshlar mediamarkazi» bosh mutaxassisi vazifalarida ishlagan.
Aniqrog`i, yoshlar tashkilotidagi faoliyatini talabalik davridayoq boshlagan edi. O`zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining ma`naviy-ma`rifiy loyihalar bo`limi etakchi mutaxassisi, Yoshlar mediamarkazi ommaviy tadbirlarni o`tkazish markazi koordinatori sifatida ishlagan kezlari uning tashkilotchilik, boshlovchilik qobiliyati yorqin namoyon bo`ldi. Bu iqtidori hozir ham matbuot anjumanlari, brifinglarni tashkil etish, o`tkazish chog`ida qo`l kelyapti.
Lavhamiz qahramoni g`ayrat-shijoatga to`lib yuradi, ko`nglidagi orzularini amalga oshirishga shoshiladi. Xayolida esa turli rejalar, g`oyalar hamisha qaynab-toshadi. Yoshlikning g`ayrat-shijoaatidan foydalanib qolishga intiladi. Shuning uchun hammasiga ulguradi. Tilagimiz uni yoshlik g`ayrati, shijoati hech qachon tark etmasin.
Bobomurod TOShEV, «Postda» gazetasi muxbiri.






