O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekistonda harbiy xizmatni o`tash tartibiga o`zgartirishlar kiritish masalasi muhokama qilindi.
Kun tartibidan ikki muhim masala o`rin oldi. Dastlab, «O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o`tash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasi muhokama etildi.
Loyihaga ko`ra, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida»gi hamda «O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to`g`risida»gi qonunlarning qator moddalariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatni o`tash bilan bog`liq yo`nalishdagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, sohada qo`llaniladigan tushuncha va atamalar bir xil talqin etilishiga imkon beradi.
Xususan, qonun hujjatida harbiy xizmatchilarda Vatan oldidagi burchni ado etishdagi ishtiyoqini oshirish uchun harbiy unvonlarni berish, halol va chin ko`ngildan ado etilgan xizmat davomida harbiy unvonlarga erishish tizimiga sezilarli o`zgartishlar kiritilmoqda.
Bu o`z burchini vijdonan bajargan har bir harbiy xizmatchining unvonlari yuqorilab borishi ularning xizmatga bo`lgan munosabatini o`zgartiradi.






