Oxirgi ikki haftada mamlakatimizda aholi orasida koronavirus infeksiyasiga chalinish holati ko`paymoqda. Xalq deputatlari Arnasoy tuman Kengashi deputati Farrux ABDUHAMIDOV buning sabablari haqida o`z mulohazalarini bildirdi.
" Mas`ul tashkilot rahbarlari esa o`z bayonotlarida buning asosiy sababi qilib karantin qoidalarini yumshatilganini noto`g`ri talqin qilib aholi belgilangan qoidalarga amal qilmayotganligida ekanligini ta`kidlashmoqda.
To`g`ri, ba`zi tuman va shaharlardagi jamoat joylarida aholi belgilangan qoidalarga amal qilmasdan harakatlanmoqda. Ammo aholi erkin harakatlanayotgan yashil hududlarga kasallik qanday kirib kelayotganligi ochiq qolmoqda.
Mahalliy Kengash sessiyalarida ishtirok etish uchun oxirgi ikki haftada bir necha bor Jizzax viloyatining tuman va shaharlariga borishga to`g`ri keldi. Barchamizga ma`lumki, hozirgi pandemiya davrida barcha tuman va shaharlarning kirish qismiga blok postlar o`rnatilgan. Amaldagi tartib bo`yicha ana o`sha blok postlarda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga mas`ul bo`lgan IIV va Sanitariya-epidemiologik markaz xodimlari nazorat o`rnatishi kerak.
Haqiqatdan ham bugun barcha blok postlarda o`rnatilgan vagon yoki daraxt soyalarida bu ikki tashkilot xodimlarini kuzatish mumkin. Ammo barcha blok postda qat`iy ish tartibi olib borilmayapti. Balki ular o`zlari xizmat vazifasini olib borayotgan joy yashil hudud bo`lganliklari uchun beparvolik qilishayotgandir, ammo virus xavfi hudud va inson tanlamasligini vaqtning o`zi isbotlab berdi.
Bundan ikki kun oldin Jizzax viloyatdan Toshkent shahriga qaytishda kuzatganlarimga to`xtalib o`tmoqchiman.
Birinchi blok post Mirzacho`l tumanidan chiqish va Oqoltin tumaniga kirish qismida o`rnatilgan. Ushbu postda ikki soha xodimlari ham soyada bir biri bilan suhbatlashib o`tirgan edi.
Ikkinchi blok post Sirdaryo viloyatidagi asosiy post. Unda ham mashinalar to`laqonli dezinfeksiya qilinmayapti. Mashina yoniga kelib faqatgina haydovchi va uning yonidagi o`rindiqda o`tirgan insonlarning tana harorati o`lchandi. Go`yoki orqa o`rindiqda bir biriga jipslashib o`tirgan uch kishi bu kasallikka chalinmasligi kafolatlangandek. (Aslida engil avtomobillarga 5 kishi bilan harakatlanish ham mumkin emas. Amalda ko`p kuzatilmoqda, maxsus komissiya qarorida esa taqiqlangan.)
Uchinchisi bugungi kunda kasallik eng ko`p aholi orasida aniqlanayotgan hudud Toshkent shahriga kirish uchun o`rnatilgan blok post. Haydovchi mashinani birinchi yo`lakda to`xtatdi. Navbatchilik qilayotgan xodim kelib qaysi viloyatdan kelayotganligini va mashina salonidagilarni pasportlari bor yoki yo`qligini so`radi. Haydovchi barchaning nomidan Jizzax viloyatidan kelayotganligini va barchaning hujjatlari yonida ekanligini aytdi. Navbatchilik qilayotgan xodim esa ketaverish ishorasini berdi. Qiziq, davlat chegara postlarida ham hujjatlar shunday og`zaki tekshirilarmikan? Shuningdek, Toshkentga kirish uchun o`rnatilgan blok postda 3 ta yo`lak orqali kiriladi. Dezinfeksiya ishlari esa faqatgina 2 yo`lakning chap tarafida amalga oshirildi. Qolgan 1 va 3 yo`lakda hamda 2 yo`lakda harakatlangan avtomobilning o`ng tarafi virus yuqishidan himoyasiz qolmoqda.
Bu voqealarni yozishdan maqsad bugun tunu-kun xizmat qilayotgan IIV va Sanitariya-epidemiologik markaz xodimlari faoliyatini qoralash emas. Shunchaki, bu xavfni bartaraf etish uchun barchamiz birdek vijdonan yondashib harakat qilmasak hech bir natijaga erisha olmasligimizni yana bir bor bildirib o`tish. Agar soha vakillarida bildirgan fikrlarimga nisbatan e`tiroz bo`ladigan bo`lsa, bugun biz axborot texnologiyalari rivojlangan davrda yashayapmiz marhamat qilib blok postlardagi kameralarning xotirasini tekshirib ko`rish mumkin. Bu voqealar 09.06.2020 soat 12.30 va 15.00 oralig`ida ro`y bergan."






