Koronavirus infeksiyasi qayd etilish holatining kechagi va bugungi ko`rsatkichiga ko`ra, hamon aholi orasida kasallikka chalingan fuqarolar qayd etilmoqda, deya xabar bermoqda SSV Matbuot xizmati.
10 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 103 nafar bemorning 27 nafari aholi orasida aniqlangan bo`lsa, 11 iyun kuni esa koronavirus qayd etilgan 118 nafar bemordan 39 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma`lumot, ham umumiy kasallanish, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o`sish kuzatilayotganini ko`rsatmoqda.
11 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko`radigan bo`lsak, Navoiy viloyatida 18 nafar, Toshkent shahrida 17 nafar, Namangan viloyatida 3 nafar hamda Toshkent viloyatida 1 nafarni tashkil etmoqda.
Misol uchun, Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroda (ishga kirish maqsadida tahlildan o`tgan), Shayxontohur tumanidagi “Media park” savdo majmuasi yana bir sotuvchisida, Yunusobod dehqon bozorining yana 6 nafar sotuvchisida, Sergeli tumanida kasalligi tasdiqlangan taksi haydovchisining otasi va ukasida koronavirus aniqlangan.
Bugun soat 10:00 ga qadar kasallik aniqlangan 78 nafar bemordan 7 nafari aholi orasida qayd etilgan. Jumladan, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi fuqaro (tana harorati ko`tarilib, shifoxonaga murojaat qilgan), Jondor tumanida yashovchi fuqaroda (shu tumandagi “VET-FARM” MChJ sotuvchisi) hamda Vobkent tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati ko`tarilgani sababli tahlil topshirgan), shuningdek, Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi, takror bo`lsa-da, aholini har qadamda xushyor va ogoh bo`lishlarini, har birimizga yod bo`lib ketgan karantin va sanitariya qoidalariga qat`iy amal qilishlarini so`raydi.
Shu bois, ijtimoiy masofa saqlang, qo`llarni yaxshilab qayta-qayta yuving, zarurat yuzasidan ko`chaga chiqqanda niqob taqishni aslo unutmang.






