Juliana Mur san`at ahlini amerikaliklarga qurol sotilishiga qarshilik ko`rsatishda faol bo`lishga chaqirdi. Uning boshchiligida Gollivudning 80 nafar aktyor va aktrisasi qurol sotilishida yangi me`yorlar o`rnatilishini talab qilib chiqishmoqda. Bu haqda kun.uz sayti xabar bermoqda.
Juliana Murning kampaniyasiga Jennifer Lourens, Riz Uizerspun va Kim Kardashyan, shuningdek Stiv Kerell qo`shilgan.
Bu tashabbuskorlar qurol xarid qilishni istagan kishilarning sog`ligi va ruhiy holati jiddiy tekshirilishi kerakligini aytishmoqda.
Juliana Murning aytishicha, u va uning hamkasblari AQShda o`qotar qurollardan o`lim topish holatlari ortayotganidan xavotir olmoqda.
"2012 yilda Sendi Xukdagi maktabda ro`y bergan otishma tufayli 26 kishi halok bo`lganidan keyin (shundan 20 nafari o`quvchilar) shu haqida o`ylay boshlagandim", deydi aktrisa.
O`tgan haftada Nevada shtatida 5 sinf o`quvchisi qo`shni qizni otasining qurolidan shunchaki chaqirganida kelmagani uchun otib o`ldirgani jamoatchilik orasida shov-shuvlarni keltirib chiqargandi.
BMT ma`lumotlariga ko`ra, AQSh ko`chalarda o`qotar qurollardan otib o`ldiriladigan tinch aholi vakillari soni ko`pligi bo`yicha tuzilgan ro`yxat beshligiga kiradi.
Ma`lumot uchun, AQSh konstitutsiyasiga ikkinchi o`zgartirish kiritilganidan keyin fuqarolarga o`qotar qurollarni sotib olish va undan foydalanish huquqi kafolatlangan. Bu qoida turli shtatlarda turli cheklovlar bilan amal qiladi.





