Xalqaro Olimpiya qo`mitasiga (XOQ) 1894 yil 23 iyun sanasida baron Per de Kuberten tomonidan asos solingan. Butunjahon Olimpiya kunini nishonlash haqidagi qaror – 1948 yilning yanvar oyida Sankt-Moris shahri (Shveysariya)da o`tkazilgan XOQning 42-sessiyasida qabul qilingan.
«Olimpiya kuni» ilk bor 1948 yil 23 iyunda Avstraliya, Belgiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Gresiya, Portugaliya, Shveysariya, Urugvay va Venesuela Milliy olimpiya qo`mitalari tomonidan nishonlangan. Mazkur sport bayrami qariyb 60 yil davomida «Olimpiya yugurish kuni» sifatida o`tkazib kelingan. 2009 yilga kelib XOQning o`sha paytdagi prezidenti Jak Roggening taklifi hamda Xalqaro Olimpiya qo`mitasi qaroriga ko`ra «Olimpiya yugurish kuni» – «Olimpiya kuni» deb o`zgartirildi.

Bugungi kunda «Olimpiya kuni» dunyoda ommaviy tarzda nishonlanadigan sport bayramlaridan biriga aylangan. Har yili Xalqaro Olimpiya qo`mitasiga a`zo 205ta davlatda o`tkaziladigan sport va salomatlik bayramida millionlab insonlar bevosita ishtirok etishadi. Ushbu tadbirni o`tkazishdan ko`zlangan asosiy maqsad – aholi orasida sog`lom turmush tarzi hamda Olimpizm g`oyalarini keng targ`ib etish, kattayu kichik qalbida jismoniy tarbiya va sportga bo`lgan mehrni yanada yuksaltirishdan iborat.

Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi keng tarqalishi sabab 2020 yil insoniyat tarixida misli ko`rilmagan o`zgarishlar sodir bo`lmoqda. Tarixda ilk bor barcha tadbirlar, anjumanlar, bayramlar onlayn tarzda o`tkazilyapti. Pandemiya hozirgi kunda sport olami vakillariga yangidan yangi jumboqlarni taqdim qilmoqda. Ulardan biri 23 iyun kuni nishonlanadigan «Olimpiya kuni» bayramidir.
Pandemiya sababli 2020 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari bir yilga qoldirildi. Biroq «Olimpiya kuni» ortga surilmaydi. Shu bois hozirda Xalqaro Olimpiya qo`mitasi va barcha Milliy olimpiya qo`mitalari yaqinlashib kelayotgan mazkur bayramni ko`tarinki ruhda o`tkazish ustida ish olib bormoqda. Jumladan, O`zbekistonda ham mazkur sanani o`zgacha shukuhda qarshi olishga harakat qilinmoqda. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi hamkorligida Ishchi guruh tuzilib, har bir yo`nalish vakillariga qilinadigan ishlar bo`yicha vazifalar yuklatildi.
27 yildirki yurtimizda Xalqaro Olimpiya qo`mitasi tashabbusi qo`llab-quvvatlangan holda, mamlakatimizda «Olimpiya kuni» keng nishonlanib kelinmoqda. Bu kun tadbir ishtirokchilari o`zlarini haqiqiy olimpiyachi sifatida his etish imkoniyatiga ega bo`ladi. O`zbekistonda bu yilgi «Olimpiya kuni»da:
- 15-16 iyun kunlari virtual yugurish musobaqasini o`tkazish;
- 17-20 iyun kunlari ijtimoiy tarmoqlarda «Olimpiada – bu...» ruknida mashhur sportchi va sport ishqibozlarining intervyularini tashkil etish;
- 20 iyun kuni onlayn badantarbiya va master-klass tadbirini marafon tarzida ZOOM platformasi orqali o`tkazish belgilangan.
Hozirda ushbu bayramga munosib tayyorgarlik ko`rish bo`yicha ish olib borilmoqda. Shuni aytish mumkinki, bu yil muxlislar har qachongidan o`zgacha «Olimpiya kuni»ga guvoh bo`lishadi. Onlayn tarzda o`tkaziladigan bayram uchun turli onlayn musobaqalar va sportimiz yulduzlari ishtirokidagi ajoyib chiqishlar rejalashtirilgan.

Bu yil «Olimpiya kuni» #StayStrong, #StayHealthy va #StayActive shiorlari ostida o`tkaziladi. Bu chaqiriqlar nafaqat o`zbek, balki butun dunyo sportchilari va aholisini uyda qolib, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilishga chorlaydi.