Respublika maxsus komissiyasi axborotiga ko`ra Koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq vaziyat yaxshilanib borayotgan mamlakatlar bilan xalqaro aviaqatnovlarni qayta yo`lga qo`yish, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari hamda investisiya loyihalari doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, joriy yilning 15 iyunidan quyidagi toifadagi shaxslarga aviaqatnovlar orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo`lgan davlatlarga:
a) O`zbekiston Respublikasidan kirish va chiqishga ruxsat berildi:
➖ xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila a`zolari;
➖ investisiya loyihalari doirasidagi O`zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlar mutaxassislari;
➖ davolanish uchun kelayotgan (chiqayotgan) shaxslar;
➖ xorijda yaqin qarindoshlari yoxud og`ir kasal bo`lgan qarindosh-urug`lari mavjud bo`lgan shaxslar;
➖ xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari so`rovlariga asosan O`zbekiston Respublikasi orqali boshqa davlatlarga olib o`tilayotgan (tranzit harakatlanayotgan) shaxslar;
➖ O`zbekiston Respublikasida doimiy ro`yxatdan o`tgan xorijiy davlat fuqarolari, doimiy yashovchi fuqaroligi bo`lmagan shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatda doimiy ro`yxatdan o`tgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari;
b) o`qish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun fuqarolarga O`zbekiston Respublikasidan chiqishga ruxsat berildi. Bunda, aviaqatnovlar sanitariya qoidalari va normalariga qat`iy amal qilgan holda tashkil etiladi.






