Xabaringiz bor, bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda Andijonda fuqaroning IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklanib o`ldirilgani haqidagi xabarlar keskin muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Holat bo`yicha IIV vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqib, ushbu fojida ishtirok etgan mas`lu bo`lgan 5 nafar lavozimdagi shaxslarni ishdan olingani va 19 nafar xodim jazolanganini ma`lum qildi.
Hodisaga O`zbekistonning bir qator ijtimoiy faol shaxslari — jurnalist, bloger va deputatlar munosabatlarini e`lon qilishdi. Ayni paytda ushbu ayanchli voqeaga Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi munosabat bildirdi.
"Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar bo`limiga olib kelingan fuqaro A. Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgani va vrachlar tomonidan ko`zdan kechirish davomida uning badanida og`ir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangani, unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko`rsatilgan bo`lishiga qaramasdan, 11 iyun kuni vafot etgani bilan bog`liq holatni qat`iy qoralaydi.
Marhumning oila a`zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Mas`ul vazirlik va tashkilotlardan kelajakda jinoyatchilikning oldini olish bo`yicha aniq choralar ko`rilishini talab qilamiz.
Bu fojiali holat haqida OAV va Internetda xabar tarqalgani zahoti Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T. Yo`ldoshevga va O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonovga rasmiy xat bilan murojaat qildi.
Bu qayg`uli holat avvalo navqiron bir insonning umriga zomin bo`lgani va marhumning oila a`zolarini cheksiz motamu ayriliq g`amiga duchor etgani bilan har birimizni aslo befarq qoldirmaydi.
Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Andijon shahrida sodir bo`lgan mazkur holat qat`iy nazoratga olingan. Biz adolat to`liq qaror topishini, bunday fojealar boshqa takrorlanmasligini ta`minlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz", -- deyiladi Milliy markaz matbuot xizmatining Darakchiga taqdim etgan munosabatida.






