AsosiyJamiyat

Ertadan O`zbekistonga salqin havo oqimi kirib kelmoqda. Bu hafta harorat necha darajagacha pasayishi ma`lum qilindi

'Ertadan O`zbekistonga salqin havo oqimi kirib kelmoqda. Bu hafta harorat necha darajagacha pasayishi ma`lum qilindi'ning rasmi

Bugun O`zbekistonda quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzgi harorat 34-39 daraja atrofida bo`ldi, shimolda, janubda va cho`l zonasida 40-42 darajagacha isidi, bu o`rtacha ko`p yillik qiymatlardan 4-7 darajaga yuqoridir, deya xabar qilmoqda O`zbeksiton Gidrometeorologiya xizmati. 

Sinoptiklarning ma`lum qilishicha, ertadan mamlakatimiz hududiga Volgabo`yi rayonlaridan salqin havo oqimi kira boshlaydi. Bu havo oqimi butun ish haftasi davomidagi ob-havoni belgilaydi. Respublika hududining katta qismida ob-havo yog`ingarchiliksiz bo`ladi, faqat 16-17 iyunda tog`li hududlarda ayrim joylarga qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. 16-17 iyunda respublikaning ayrim joylarida shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi, shiddat bilan esganda sekundiga 23-28 metrgacha etishi mumkin.

16 iyunda Qoraqalpog`iston va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat 30-35 darajagacha pasayadi. Respublikaning qolgan hududlarida issiq ob-havo saqlanib turadi, kechasi 17-22 daraja, kunduzi 34-39 daraja, janubda va cho`l zonasida 40-42 darajagacha issiq bo`ladi.

17-19 iyunda salqin havo butun respublika hududiga tarqaladi, harorat qulay ko`rsatkichlargacha pasayadi, kechasi 15-20 daraja, kunduzi 30-35 daraja atrofida bo`ladi, bunday harorat me`yorga yaqindir.

    Boshqa yangiliklar