So`nggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari va davolanish kursini tugatgan bemorlar 14 kunlik reabilitasiya kurslarisiz to`g`ridan to`g`ri uylariga kuzatila boshlangani haqida ma`lumotlar tarqaldi.
Mazkur holatga Sog`liqni saqlash vazirligi izoh berdi:
"O`zi to`liq davolanishdan keyin, virus organizmdan batamom chiqib ketganidan so`ng 14 kunlik reabilitasiya amaliyoti faqat O`zbekistonda ehtiyot chorasi sifatida qo`llandi, xolos. Hatto dunyoning rivojlangan davlatlarida ham nafaqat bu amaliyot, balki koronavirusga chalinganlar ham faqat og`ir holatlardagina shifoxonaga yotqiziladi, qolgan payt kerakli dori-darmonlar tavsiya qilinib, uyda davolanish buyuriladi.
O`zbekistonda virusga chalingan har qanday bemor belgilangan muddatda jiddiy kuzatuv ostida to`liq bepul davolanadi. Davolanish so`ngida virus bo`yicha tekshiruvlar manfiy natija berganidan keyin ham bu namunalar poytaxtimizdagi SEOMning maxsus virusologiya laboratoriyalarida qayta tahlildan o`tkaziladi va faqat shundan keyingina uzil-kesil tashxis qo`yiladi. Ana shunday takroriy chuqurlashtirilgan tekshiruvdan keyingina bemor tuzalgan hamda xavfsiz hisoblanadi.
O`z navbatida, ushbu bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari ham ana shunday takroriy tekshiruv tahlillaridan o`tishadi.
Endi reabilitasiya amaliyoti to`xtatilganiga kelsak, tajriba bu amaliyotga zarurat yo`qligini ko`rsatdi. Chunki reabilitasiyaga virusdan batamom xalos bo`lganlar jo`natilardi va ular orasida kasallik qaytalanish holati ham kuzatilmadi. Shundan keyin bu tajribadan voz kechildi", - deyiladi Vazirlik rasmiy bayonotida.






