AsosiyDunyo

Qirg`iziston bosh vaziri korrupsion mojaro ortidan iste`fo berdi

'Qirg`iziston bosh vaziri korrupsion mojaro ortidan iste`fo berdi'ning rasmi

Qirg`iziston bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziev radiochastotalarni sotish bilan bog`liq mojaro sababli iste`foga chiqishga qaror qildi. Bu haqda Qirg`iziston vazirlar mahkamasi matbuot xizmatida ma`lum qilindi.

May o`rtasida Qirg`iziston parlamentida radiochastotalarning noqonuniy sotilishi bo`yicha mojaro avj olgan. Deputatlarning versiyasiga ko`ra, 2 ta radiochastota Qirg`izistonning mobil operatorlaridan biriga 1000 va 700 qirg`iz somiga sotilgan. Buning natijasida esa davlatga ko`p milliard somlik zarar etkazilgan.

Ushbu ish bo`yicha qo`zg`atilgan jinoiy ish bo`yicha Qirg`iziston davlat aloqa agentligining sobiq direktori Natalya Chernogubova va maxsus xizmatlarning bir qator xodimlari qo`lga olingan. Parlamentning 20 maydagi yig`ilishida deputat Janar Akaev bosh vazir ushbu ishga aloqador bo`lishi mumkinligini aytgan. Akaevning fikricha, radiochastotalar bosh vazirning ruxsatisiz sotilgan bo`lishi mumkin emas. U etkazilgan zararni 5 mlrd qirg`iz somiga baholagan. 

“Mamlakat koronavirus infeksiyasi va uning iqtisodiyot uchun oqibatlariga qarshi kurashayotgan bugungi murakkab sharoitda, hukumat barqaror ishlashi va fuqarolarning to`liq ishonchiga ega bo`lishi lozim, mavhumlik esa hukumatning to`laqonlik ishiga xalaqit qiladi. Bu nuqtayi nazarlardan kelib chiqib, o`zimdan Qirg`iziston Respublikasi bosh vaziri vakolatlarini topshirishga qaror qildim”, deb aytgan Abilgaziev.

Bosh vazir radiochastotalar sotilishi ishi bo`yicha tergovga bosim o`tkazishda ayblovlardan qochish maqsadida may oxirida ikki haftalik ta`til olgan. “Men avval ham gapirganman va yana bir bor ta`kidlab o`tmoqchiman, bu ishga hech qanday aloqam yo`q, mening nomimga bildirilayotgan ayblovlar hech qanday asosga ega emas. Ikki haftalik ta`tilim davomida tergov idoralari menga birorta savol bilan murojaat qilmadi. Ishonchim komilki, tergov barchasini o`z o`rniga qo`yib, qonunning buzilishidagi haqiqiy aybdorlarni aniqlaydi”, deb davom ettirgan o`z so`zlarini Abilgaziev.

“O`z ishimda doim halol va ochiq-oydin ishlaganman, umumiy ishga foyda keltirishga harakat qilganman va aminmanki, kelgusida o`z bilimlarimni va to`plagan tajribamni mamlakat va jamiyat ravnaqi uchun qo`llashimga yana imkoniyat bo`ladi”, deb o`z so`zlarini yakunlagan endilikda sobiq bosh vazir. 

Abilgaziev ushbu lavozimni 2018 yildan beri egallab kelayotgandi.

    Boshqa yangiliklar