Marhamatda tadbirkor va fuqarolardan pul talab qilgan mutaxassis va firibgar ushlandi, deya "Darakchi"ga ma`lum qildi Bosh prokuratura Matubuot xizmati.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Marhamat tuman bo`limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon viloyati kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi Marhamat tumani etakchi mutaxassisi D.A.ning firibgarligi fosh bo`ldi.
U noqonuniy yo`l bilan daromad orttirish maqsadida, fuqaro B.M.ning ishonchiga kirib, unga tuman hududidagi kichik sanoat zonasi uchun ajratilgan er maydonidan uy-joy qurish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi uchun 10 sotix er maydoni ajratib berish evaziga 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Shuningdek, ushbu holat bo`yicha o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, etakchi mutaxassis D.A. joriy yilning may oyida 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga er ajaratish uchun 6 750 AQSh dollarini hamda 1 nafariga tumanda qurilayotgan ko`p qavatli uydan 2 xonali uy olib evaziga 27 mln so`mini qo`lga kiritganligi aniqlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Marhamat tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan yana bir tezkor tadbirda, fuqaro M.X fuqarolar Z.R. va M.E.larning ishonchiga kirib, ularga Marhamat tuman “Dehqon bozori” MChJ hududidan qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan savdo qilish savdo rastasi ajratib berishi evaziga 2 mln so`mni firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan D.A. va M.X.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






