Taklif etilayotgan qo`shimchalar tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar rahbarlari va xodimlarining huquqbuzarliklar sodir etishi hamda vakolatlarini suiiste`mol qilishga undovchi usullardan foydalanishi oldini olishga qaratilgan.
“Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi Qonuniga qo`shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi e`lon qilindi.
Qonun loyihasi prezidentning 2019 yil 30 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi farmasevtika tarmog`ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4554-son qarori ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
O`zbekiston Respublikasining 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi 265-I-sonli Qonuniga qo`shimcha kiritiladi.
Unga ko`ra, tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyatidagi cheklovlar aniq belgilanadi. Tibbiy muassasalar rahbarlari va tibbiyot xodimlariga quyidagilar ta`qiqlanadi:
- dori vositalarining savdo nomidan foydalanish huquqiga ega bo`lgan, dori vositalarini ishlab chiqarish va (yoki) sotish bilan shug`ullanuvchi tashkilotlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizasiya qilishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, dorixonalar, ularning filiallaridan hamda ularning nomidan faoliyat yurituvchi vakillar yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan moliyaviy mukofotlar, moddiy va nomoddiy ko`rinishdagi har qanday rag`batlar olish;
- farmasevtika tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladigan ko`ngilochar tadbirlarda ishtirok etish yoki sayohat qilish;
- farmasevtika tashkilotlari, dorixonalar va ularning vakillari bilan dori vositalarini tayinlash yoki bemorlarga tavsiyalar berish bo`yicha shartnomalar tuzish;
- farmasevtika tashkilotlari va ularning vakillaridan dori vositalari namunalari va tibbiy buyumlarni olish, shuningdek dori vositalari va tibbiy buyumlarni bemorlarga va tibbiy muassasaga tashrif qiluvchilarga berish;
- dori vositalarini tayinlashda ushbu dori vositalari to`g`risida bemorlarga noaniq va (yoki) to`liq bo`lmagan ma`lumotlar berish, shuningdek tayinlanayotgan dori vositalari analoglarining muomalada mavjudligi haqidagi ma`lumotlarni yashirish;
- farmasevtika tashkilotlari vakillari bilan tibbiy muassasa hududida, shuningdek kasbiy faoliyatini amalga oshirishda uchrashish;
- O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanmagan resept blankalarida resept yozish va berish.
Hujjatda qo`shimcha qilingan tushuntirish xatida aytilishicha, taklif etilayotgan qo`shimchani kiritish shifokorlar tomonidan dori vositalarini nooqilona tayinlash hamda manfaatlar to`qnashuvi va korrupsiya holatlarining oldini olishga hamda shifokorlar va farmasevtlar tomonidan dori vositalarini to`g`ri tayinlash va qo`llash qoidalariga rioya etilishini ta`minlanishiga olib keladi.






