Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi xavfi munosabati bilan 2020 yil 18 aprelda qabul qilingan Rossiya Federasiyasi Prezidentining 274-sonli farmoniga muvofiq, mamlakat hududida chet el fuqarolarining qonuniy bo`lishi huquqini beruvchi barcha hujjatlar, shu jumladan patentlarning amal qilish muddati 2020 yil 15 iyungacha uzaytirilgan edi.
Rossiya Prezidentining 2020 yil 15 iyundagi 392-sonli farmoni bilan kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, bugundan, ya`ni 16 iyundan boshlab Rossiya Federasiyasi hududida chet el fuqarolarining ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma, shu jumladan patent rasmiylashtirish zarur bo`ladi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ogohlantirmoqda.
Shuningdek, farmon bilan:
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning Rossiya Federasiyasida vaqtincha bo`lish, vaqtincha yoki doimiy yashash, yashash joyida ro`yxatda turish muddatlari 2020 yilning 15 sentyarigacha tugashi ko`zda tutilgan bo`lsa, ushbu muddatlarni tugatmaslik;
- Rossiya Federasiyasidan ma`muriy tartibda chiqarib yuborish to`g`risida qaror qabul qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning mamlakatdan ixtiyoriy chiqib ketish, deportasiya qilish muddatlarini 2020 yilning 15 sentyabriga qadar uzaytirish belgilangan.






