O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining yig`ilish bayoniga muvofiq karantin qoidalari yumshatilganligi va ichki turizmga ruxsat berilganligi sababli Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumaniga dam olish maqsadida tashrif buyuruvchilar soni ancha ko`paydi.
Bo`stonliq tumaniga olib boruvchi 4R12 “Bektemir-Chirchiq-G`azalkent-Chorbog`” avtomobil yo`lida dam olish kunlari avtomobillar oqimi keskin oshdi. Ushbu avtomobil yo`lida yo`l transport hodisalarini oldini olish va avtomobillarning havfsiz xarakatlanishlarini ta`minlash maqsadida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari onlayn rejimda aynan yo`l transport hodisalari ko`p sodir bo`ladigan joylarda ishlatildi. Ma`lumot o`rnida shuni aytish lozimki, dam olish kunlari mobaynida ushbu fotoradarlar orqali 2218 ta tezlikni me`yoridan oshirish holatlari aniqlangan. Ushbu aniqlangan qoidabuzarliklarni sodir etgan fuqorolarga nisbatan qonun hujjatlarida ko`rsatilgan tartibda jarimalar belgilanib, chiqarilgan qarorlar “O`zbekiston pochtasi”ning ma`lumotlarni qayta ishlash markazi orqali qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi yoki yuridik shaxsning manziliga etkazilgan.
Shu o`rinda aytish lozimki, fotoradarlardan foydalanishdan ko`zlangan asosiy maqsad avtomobil yo`llarida sodir bo`lishi mumkin bo`lgan yo`l-transport hodisalarini oldini olish hisoblanadi. Tahlillarga nazar tashlaydigan bo`lsak, 4R12 “Bektemir-Chirchiq-G`azalkent-Chorbog`” avtomobil yo`lida o`tgan 2019 yilning 1 iyunidan 15 iyuniga qadar 3 ta o`lim bilan bog`liq yo`l-transport hodisalari sodir bo`lgan bo`lsa, joriy yilning ushbu davrida radarlardan samarali foydalanish natijasida hech qanday yo`l-transport hodisalari qayd etilmadi. Mana shu holatning o`zi ham fotoradarlarning samarasini ko`rsatib turibdi.
Fursatdan foydalanib fuqarolarimizni yana bir karra “Yo`l harakati qoidalari”ga qat`iy amal qilishga, ayniqsa belgilangan tezlik talablariga rioya qilishga chaqirib qolamiz. Bilingki, fotoradarlar sizni jazolash uchun emas, xavfsizligingizni ta`minlash maqsadida ishlatiladi.






