AsosiyJamiyat

"Chorsu" bozori sotuvchisi, “Smart xaus” xodimi, talaba, o`quvchi, mashina ustasi, bank xodimi... Kimlarda koronavirus aniqlangani aytildi

'"Chorsu" bozori sotuvchisi, “Smart xaus” xodimi, talaba, o`quvchi, mashina ustasi, bank xodimi... Kimlarda koronavirus aniqlangani aytildi'ning rasmi

14 iyun kuni yurtimizda koronavirus tasdiqlangan 114 nafar bemordan 27 nafari aholi orasida aniqlangan bo`lsa, 15 iyun sanasida esa koronavirus qayd etilgan 183 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlangan. Ikki kunlik ma`lumot, ham umumiy kasallanishda, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o`sish kuzatilayotganini ko`rsatmoqda.

15 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko`radigan bo`lsak, Toshkent shahridan 25 nafar, Samarqand viloyatidan 3 nafar, Xorazm viloyatidan 1 nafarni tashkil etgan.  

SSV aholi orasida yuqoridagi kunlarda kimlarda virus aniqlangani bo`yicha ma`lumot berdi. Jumladan, Olmazor tumanida yashovchi “Chorsu” buyum bozori sotuvchisida (ishxonadan so`ralgani uchun profilaktika maqsadida tahlil topshirgan), shu tumanda yashovchi yana uch nafar fuqaroda: “Smart xaus” xususiy qurilish firmasi dasturlovchisida (ishga borish uchun tahlil topshirgan), respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolanishga yotish uchun tahlil topshirgan bemorda hamda tana harorati ko`tarilganligi sababli shifoxonaga borib tahlil topshirgan fuqaroda, shuningdek, Sergeli tumani Xonobod mahallasida qurilayotgan ko`p qavatli uylarning loyiha boshqaruvchisi hamda shu tumandagi maktab o`quvchisi (tana harorati ko`tarilgan va  oilaviy poliklinika uchastka shifokoriga murojaat qilgan) va uning onasida koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida yashovchi, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti talabasida (tomog`ida og`riq bo`lgan, tez tibbiy yordama xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), shu tumanda yashovchi, “Orzu” fabrikasi bog`bonida (tana harorati ko`tarilgani bois tahlil topshirgan), Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroda (holsizlik, yo`tal to`xtamaganidan keyin shifoxonaga borib, tahlil topshirgan), “Poytaxt” savdo majmuasi kiyim do`koni sotuvchisida hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat  Milliy bankining Uchtepa tuman filiali mutaxassisida ham kasallik qayd etitlgan.  

Shuningdek, Samarqand viloyati Toyloq tumani “Charog`bon” MFYdagi  avtomashinalarni ta`mirlash ustasi (tana harorati ko`tarilganligi sababli namuna olingan), “Hamkorbank”ning Urgut filiali xodimida (mazkur moliya muassasasining barcha xodimlaridan profilaktik maqsadda namuna olingan), ushbu tumanda qandli diabet kasalligi bo`yicha davolanishga yo`llanma olish uchun namuna olingan bemorda ham koronavirusga chalingani ma`lum bo`ldi.

Tahlillardan oydinlashadiki, yon atrofimizda koronavirus xavfi hamon mavjud. Shu yilning 15 iyundan boshlab karantin qoidalari yanada yumshatilib, qator faoliyat turlariga ruxsat berilgan bo`lsa-da, xushyorlikni aslo yo`qotmasligimiz lozimligini kunlik voqea va ko`rsatkichlar ko`rsatib turibdi.

Sog`liqni saqlash vazirligi ayni vaziyatdan kelib chiqqan holda, aholidan, yana takror va takror  karantin va sanitariya qoidalariga  qat`iy rioya qilishni, jumladan, zarurat bo`lmaganda ko`chaga chiqmaslik, chiqqanda esa niqobni to`g`ri taqib yurishni, qo`l berib salomlashish, quchoq ochib ko`rishishdan vaqtincha tiyilish, ijtimoiy masofa saqlash, tirband jamoat transportiga chiqmaslik, niqobsiz bo`lgan yo`lovchilarga yaqinlashmaslik, qo`llarni tez-tez sovunlab yuvishni doimiy odatga aylantirishni so`rab qoladi.

    Boshqa yangiliklar