2020 yil 09 iyun kuni soat 15:30 da 28 yoshli F.T., tanishi 24 yoshli G`.N., bilan bir guruh bo`lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, 24 yoshli X.E., ni kaltaklash uchun borgan. Ushbu zo`ravonlik harakati haqida IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Ular jamoat joyi hisoblanuvchi Bo`stonliq tumani, Do`stlik mahallasi hududida joylashgan «Alash ota» nomli to`yxona yoniga yigitni chaqirib, uni uyatli so`zlar bilan so`kib-haqoratlab, yonidagi kishining sog`lig`i uchun amalda shikast etkazishi mumkin bo`lgan pichoqni qurol sifatida namoyish qilib, qo`rqitgan.
Shuningdek, G`.N. mazkur pichoq bilan X.E., ga tan jarohati etkazgan. O`z navbatida shu vaqtda F.T., o`zining jinoiy harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglagan holda, metalldan ishlangan beyzboll bitasi bilan 24 yoshli X.E.,ning boshqaruvidagi “Nexia-3” rusumli avtomashinani orqa chap tomon yoritgich chirog`ini urib sindirib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.
Natijada X.E., olgan tan jarohatlari bilan Bo`stonliq tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, F.T., dan bir dona metalldan ishlangan beyzboll bitasi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sud-tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko`ra, X.E., ga “engil” tan jarohatlari etkazilganligi ko`rsatilgan.
Holat yuzasidan Bo`stonliq tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, G`.N., ga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b,v» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan, sovuq qurol yoki kishining sog`lig`i uchun amalda shikast etkazishi mumkin bo`lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo`llash bilan qo`rqitib yoxud qo`llab sodir etilgan bezorilik) bilan, F.T., ga esa JKning 277-moddasi 3-qismi «a» bandi (takroran yoki xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan ayb e`lon qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






