AsosiyJamiyat

Nukusda xizmatdagi xodimlar fuqaroni nega mashinaga zo`rlab tiqayotganiga aniqlik kiritildi (video)

'Nukusda xizmatdagi xodimlar fuqaroni nega mashinaga zo`rlab tiqayotganiga aniqlik kiritildi (video)'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Nukusda IIB xodimi fuqaroni mashinaga zo`rlab tiqayotgani aks etgan video tarqaldi.

IIV ushbu holat bo`yicha ma`lumot taqdim etdi. 

Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV Axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 14 iyun kuni Nukus shahri hududida aholi orasida karantin qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida  Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`limi, Milliy Gvardiya hamda Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovlardan iborat guruh, soat 11.30 larda Nukus shahri “X.Abdambetov” ko`chasi bo`yidagi “Eski shahar” mahallasi hududidagi avtoturargoh atrofida tekshiruv ishlari olib borayotgan bo`lgan. 

Shu erda to`xtab turgan, “Matiz” rusumli taksi avtomashinasi haydovchisi, Nukus shahrida yashovchi, 1997 yilda tug`ilgan fuqaro U.M.ning tibbiy niqobini taqmagan va taksi haydovchilari uchun belgilangan maxsus kombinezon kiymagan holda karantin qoidalariga amal qilmay faoliyat olib borayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi xodimi surishtiruv olib bormoqchi bo`lganda, U.M. xodimlarning qonuniy talablariga bo`ysunmasdan, ularga faol qarshilik ko`rsatib o`zining harakatlari bilan shu erda bo`lgan boshqa shaxslarning e`tiborini jalb qilgan. Aynan shu holat videotasvirda aks ettirilgan.

Oxir-oqibat vaziyat barqarorlashtirilib, qoidabuzarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Hozirda, Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar