2020 yil 11 iyun kuni patrul-post xizmati xodimlari ikkita yosh bolasi bilan ko`chada qolgan ayolni ko`rib qolishdi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB.
Taxminan soat 15.00 da ular Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi 9-son IIBga etkazilib, u erda ularni xotin-qizlar masalalari bo`yicha katta inspektor leytenant N. Qahramonova kutib oldi. Aniqlanishicha, ko`chada qolgan ayol – Andijon viloyati Xojiobod tumanidan kelgan ekan.
Ayolning uyidagi holat keskinlashib borgach, kunlardan birida oilaviy kelishmovchilik sababli ayol farzandlari bilan ko`chada qolgan. Oilaviy hayotni tiklashdan hafsalasi pir bo`lgan ayol 2019 yilning kuz faslida bolalari bilan Toshkentga ish izlab keladi.
Ma`lum vaqt davomida u yollanma ishlar orqali kun ko`rib, Ilon Ota qabristoni qorovulining budkasida yashab yurgan. Joriy yilda esa ish topish qiyinlashdi, keyinchalik esa umuman ish topib bo`lmaydigan bo`lib qoldi. Pul tugagach, boshpanadan ham mahrum bo`lishdi. Shu sababli ayol bolalari bilan Toshkent xalqa avtomobil yo`li bo`yidagi daraxtlar ostida joylashib olgan edi. Toshkent shahar IIBB xodimlari uni aynan o`sha erda uchratib qolishadi.
Xotin-qizlar masalalri bo`yicha katta inspektor leytenant N. Qahramonova Andijon viloyatidagi hamkasblari bilan bog`lanib, ushbu muammo haqida ma`lum qildi. Shuningdek salomatligi bilan bog`liq muammolari borligi tufayli ayol tibbiy yordamga ham muhtoj edi. Holati yaxshilangach, ayol turar joyi bo`yicha Andijon viloyatiga jo`natildi. Andijon viloyati IIBdagi hamkasblar ayolni kutib olib, muammolarini hal qilishda yordam berishlarini bildirishdi. Albatta ayolni hali ko`p ishlar kutmoqda, hayotni boshidan boshlash oson ish emas. Ammo biz uning eng og`ir kunlari ortda qoldi degan umiddamiz, deyiladi xabarda.






