AsosiyJamiyat

Koreyadagi noqonuniy mehnat migrantlarimiz hisobiga O`zbekistonga beriladigan ish o`rinlari kvotasi kamaytirilishi mumkin

'Koreyadagi noqonuniy mehnat migrantlarimiz hisobiga O`zbekistonga beriladigan ish o`rinlari kvotasi kamaytirilishi mumkin'ning rasmi

Bugungi kunda mamlakatimizda tashqi mehnat migrasiyasi jarayonlarini tartibga solish, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo`llab-quvvatlash yuzasidan amaliy choralar ko`rilmoqda. Fuqarolarni tartibli, xavfsiz va qonuniylik prinsiplari asosida xorijiy mamlakatlarga tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish, ularning huquqiy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha xalqaro kelishuvlarga erishilmoqda.

Lekin, yaratilayotgan imkoniyatlardan noto`g`ri maqsadlarda foydalanayotganlar ham yo`q emas. Gap shundaki, ba`zi fuqarolarimiz tomonidan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida shartnoma shartlariga to`liq amal qilmaslik, ish beruvchi davlat qonun-qoidalari, urf-odatlariga rioya etmasdan, aksincha qoidabuzarlik oqibatida mamlakat hududidan deportasiya qilish holatlari uchramoqda.

Bu kabi holatlar Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimiz orasida ham uchrab turibdi.

Fuqaro va Koreyada Respublikasidagi ish beruvchi o`rtasida 3 yil muddatga mehnat shartnomasi tuziladi. Mehnat shartnomasi muddati tugagach, fuqaro ish beruvchi bilan kelishgan holda shartnomasini 1 yilu 10 oy muddatga uzaytirishi mumkin. Yuqoridagilarga binoan shartnoma uzaytirilgan taqdirda mazkur shartnomaning umumiy muddati 4 yilu 10 oy hisoblanadi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining rasmiy kanali yozmoqda. 

Ish beruvchi va fuqaro o`rtasidagi shartnoma imzolagan kundan kuchga kiradi va mehnat faoliyatini amalga oshirish muddati fuqaro Koreya Respublikasiga yuborilgan kundan boshlanadi.

Shartnoma doirasida fuqaroning tegishli majburiyatlari mavjud, xususan, ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga asosan Koreya vakolatli idoralarining ruxsatisiz ish joyini tashlab ketmaslik, ish joyini sababsiz o`zgartirmaslik hamda Koreya hududida noqonuniy maqomda bo`lmaslik, mehnat shartnomasi muddati tugagach (yoki ish beruvchi bilan kelishuvga ko`ra mehnat shartnomasi muddatidan oldin) 10 ish kuni ichida O`zbekistonga qaytish va bu haqida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligini xabardor qilish kabi shartlar fuqaro tomonidan bajarilmagan taqdirda unga nisbatan belgilangan jarimalar qo`llanilishi nazarda tutilgan.

Jarimalar Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi talabi bilan emas, aksincha, qonun hujjatlarida belgilangan tartib bo`yicha tegishli organlar tomonidan undiriladi. Shuni alohida ta`kidlash joizki, ushbu jarimalar fuqarolarimizning Koreya Respublikasida nolegal yurishiga chek qo`yish hamda ularni o`z vaqtida O`zbekistonga qaytishini ta`minlash uchun belgilangan.

Bundan tashqari, Koreya Respublikasida noqonuniy yurgan o`zbekistonliklar soni O`zbekistonga beriladigan ish o`rinlari kvotasiga jiddiy ta`sir ko`rsatadi. Ya`ni, nolegal fuqarolar soni qanchalik kam bo`lsa, ajratiladigan ish o`rinlari kvotasi shunchalik ko`payadi. Bu degani, Koreyada noqonuniy yurgan hamyurtlarimizni kamaytirish hisobiga, mazkur davlatda qonuniy ishlash, yaxshi daromad topish istagida bo`lgan minglab yurtdoshlarimiz uchun ish o`rinlari cheklanishining oldi olinadi. Shu bilan birga, fuqarolar kelajakda yuqoriroq maosh to`lanadigan mutaxassis sifatida Koreya Respublikasida ishini davom ettirish imkoniyatiga ega bo`ladi. Qolaversa, o`zbekistonlik noqonuniy mehnat migrantlari sonining kamayishi O`zbekistonning nafaqat Koreya Respublikasi, balki xalqaro mehnat bozoridagi imijiga ijobiy ta`sir etishi aniq.

Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning yanvar oyidan boshlab Koreya Respublikasida 1 oy uchun eng kam ish haqi o`rtacha 1.795.310 von (1500 AQSh dollariga yaqin) etib belgilangan. Fuqarolarimizning Koreya Respublikasida qonuniy tartibda bunday daromad topishi, ularning nafaqat oilaviy farovonligini yaxshilash, shu bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga o`z hissasini qo`shadi.  

Demak, O`zbekiston fuqarolari uchun ish o`rinlari kvotasining ajratilishi o`zimizga bog`liq va o`ylaymizki, kelgusida yurtdoshlarimiz bu masalaga jiddiy e`tibor qaratadi.

    Boshqa yangiliklar