AsosiyJamiyat

1 avgustdan O`zbekistonning barcha hududiy aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi

'1 avgustdan O`zbekistonning barcha hududiy aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi'ning rasmi

2020 yil 12 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Transport vazirining O`zbekiston Respublikasi aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimini joriy etish to`g`risidagi buyrug`i imzolandi.

Mazkur buyruq O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi «Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PF-5647-son va 2019 yil 13 avgustdagi «O`zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PF-5781-son farmonlariga muvofiq respublika fuqaro aviasiyasi va turizm sohalarida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqildi.

“Ochiq osmon” rejimi 2020 yilning 1 avgustidan boshlab IATA “Qish 2022/2023” mavsumi yakunigacha ikki yil muddatga uni uzaytirish yoki shartlarni o`zgartirish imkoniyati bilan O`zbekiston Respublikasining Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy, Urganch, Andijon, Farg`ona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” huquqini qo`llagan holda joriy etiladi.

Buyruqqa muvofiq “Ochiq osmon” rejimi:

 Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoi va Urganch shahridagi aeroportlarda hech qanday cheklovlarsiz;

Andijon, Farg`ona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarda Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkilotiga a`zo davlatlarning aviakompaniyalariga ko`rsatilgan aeroportlarga ularning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda parvozlar soni cheklovlarisiz O`zbekiston Respublikasi tayinlangan tashuvchilari foydalanmagan yo`nalishlarda “beshinchi havo erkinligi” va yo`lovchi parvozlarini amalga oshirish huquqi bilan;

Samarqand shahridagi aeroportda qayta ta`mirlash ishlari yakunlangach joriy etiladi.

Mazkur rejimga muvofiq Navoi va Termiz shahridagi aeroportlarda xorijiy aviakompaniyalarga yuk tashish parvozlarini amalga oshirish uchun “ettinchi havo erkinligi”ga qadar bo`lgan huquqlar beriladi.

Yangi havo yunalishlarini ochishga qiziqish bildirgan yoki parvozlar sonini oshirishni rejalashtirgan xorijiy aviakompaniyalar kerakli hujjatlarni o`rnatilgan tartibda Transport vazirligi qoshidagi Aviasiya agentligiga va Havo transportini rivojlantirish departamentiga topshirishi lozim. Ushbu masala yuzasidan barcha murojaatlar qisqa fursatda ko`rib chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar