Bu haqda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati ma`lum qildi.
Sababi - yuzaga kelgan pandemiya vaziyatidan kelib chiqib, karantin davrida yosh avlod sog`ligini asrash, pandemiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda voyaga etmagan o`quvchilarning katta sig`imli binolarda saralash imtihonlari vaqtida uzoq vaqt qolib ketishiga yo`l qo`yib bo`lmasligi, shuningdek, Agentlik hamkori – Cambridge Assessment tashkiloti vakillarining mamlakatimizga karantin davrida tashrifini belgilangan sanalarda tashkil etish imkoni yo`qligi.
Buxoro, Jizzax, Qarshi, Samarqand va Farg`ona shaharlarida ochiladigan Prezident maktablariga (beshinchi sinfdan o`ninchi sinfgacha) hamda joriy yilda ochilishi rejalashtirilgan Surxondaryo viloyatidagi Ro`zi Choriev va Buxoro viloyatidagi Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktablariga (ettinchi sinfdan) o`quvchilar qabuli kelgusi yilda o`tkaziladi.
Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlarida faoliyat yuritayotgan Prezident maktablariga 2020/2021 o`quv yiliga o`quvchilarni beshinchi sinflarga qabul qilish imtihonlari 2021 yilga qoldirilib, 2021/2022 o`quv yilida o`quvchilar beshinchi va oltinchi sinflarga qabul qilinadi.
Hukumat qaroriga binoan, 2020/2021 o`quv yilidan boshlab ijod maktablariga qabul ettinchi sinfdan amalga oshiriladi. Bugungi kunga kelib, mavjud ijod maktablaridagi sinflar kontingenti to`liqligini inobatga olgan holda, 2020/2021 o`quv yilida yangi sinflar ochilishi nazarda tutilmagan.
Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar, ya`ni Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulug`bek hamda Abu Ali ibn Sino nomlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablarga 2020/2021 o`quv yiliga o`quvchilarni qabul qilish masalasiga oid ma`lumot tegishli o`rganishlardan so`ng ma`lum qilinadi.






