Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan boshqa hududda yashovchilar qancha uy sotib oldi?
Propiska tizimini isloh qilish bo`yicha Prezident Farmoniga ko`ra
2020 yil 1 apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiskasi bo`lmagan fuqarolar ham ko`chmas mulk sotib olish imkoniyatiga ega bo`ldi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.
Bu imkoniyatdan o`tgan 70 kunda foydalangan fuqarorlar Toshkent shahridan 12 799 ta, Toshkent viloyatidan esa 2 052 ta uy-joy oldi-sotdi bitimlarini notarial idoralarda rasmiylashtirishdi.
Qayd etish kerakki, notarial idoralar tomonidan ushbu davrda bu hududlarda jami rasmiylashtirilgan uy-joy oldi-sotdi bitimlarining deyarli 70 foizini aynan, propiskasi boshqa hududlarda bo`lgan fuqarolar ishtirokidagi bitimlarga to`g`ri keladi.
20 yildan ortiq amalda bo`lgan, Toshkentdan uy sotib olishdagi to`siqlarning olib tashlanishi fuqarolarning uy-joyga ega bo`lishida yuzaga kelgan turli muammolarini ham barham topishiga xizmat qildi.
Xususan, ko`plab fuqarolar uyni Toshkentda propiskasi bo`lgan tanishi nomiga rasmiylashtirib, keyin “o`z uyida ijarachi” bo`lib yashashga majbur bo`lganligi ham sir emas. Farmon qabul qilinishi bilan yaratilgan imkoniyatdan birinchi navbatda shunday fuqarolar foydalanib, uylarini o`z nomiga rasmiylashtirishdi.
Shubhasiz, qabul qilingan Farmon fuqarolarimizning erkin ko`chib yurish va uy-joyga ega bo`lish kabi muhim huquqlari kafolatini ta`minlashda tub burilish yasadi.






