London meri Sodiq Xon maoshini 10 foizga qisqartirdi hamda hokimiyatdagi mansabdor xodimlarning oyliklarini oshirishni to`xtatdi. ITV telekanalining ma`lum qilishicha, ushbu choralar pandemiya sharoitida shahar byudjeti xarajatlarini qisqartirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
London shahri hokimining yillik maoshi 152 ming 734 funt sterlingni tashkil etadi. Demak, u 2020 yilda 15,3 ming funt sterling kam maosh oladi.
“COVID-19 pandemiyasi avval yaxshi ahvolda bo`lgan London byudjetiga juda katta talofat etkazdi. TfL (London shahar transportini boshqaruvchi kompaniya) daromadlari 90 foizga qisqarib ketdi, biznesdan olinadigan soliqlar va munisipal soliqlar keskin pasaygan”, - deydi shahar meri.
London rahbarining ta`kidlashicha, u iqtisodiyotni boshqarishda keskin choralar ko`rish tarafdori emas, biroq hozirdanoq xarajatlar qisqartirilmasa, polisiyachilar, yong`in o`chiruvchilar, hamda boshqa muhim xizmat xodimlarining sonini qisqartirishga to`g`ri keladi.






