Donishmandlar aytadilarki, “Tig` jarohati bitadi, ammo til jarohati bitmaydi”. Darhaqiqat, tig` jarohati tanaga etadi, uni malham bilan tuzatsa bo`ladi, til jarohati esa ko`ngilni chilparchin qiladi. Uni tuzatadigan malham ham, tabib ham yo`q. Ayniqsa til jarohati shifokor tomonidan sodir etilsa, bundan yomoni yo`q.
Shuning uchun ham Sharq tabobatida shirin so`z, yaxshi muomala dori-darmondan ham ustun qo`yiladi. Ammo bugungi kunda tibbiyot muassasalarimizda faoliyat yuritayotgan ayrim xodimlarda xushmuomalalik kamyob bo`lib bormoqda.
Bunga Navoiy viloyati, Xatirchi tumani “Shulliktepa-Sho`r” qishloq vrachlik punkti mudirasi Musallam Jumaevani misol qilib keltirish mumkin. Uning sog`liqni saqlash maskanida ikki yilga yaqin muddatdagi xizmati haqida aytmoqchi bo`lganlarimizdan zora boshqalar xulosa chiqarsa...
UZOQ KUTILGAN QUVONChNING YaKUNI
— O`tgan 2014 yilda, — deya gap boshlaydi alam va nadomat bilan o`n nafar farzandning onasi Shahribonu Qarshieva. — Yashirib nima qilaman, ko`p yillardan buyon ikki nafar kelinim farzand ko`rmayotgani tufayli eng kenja kelinimning homilador bo`lganini eshitib, boshimiz osmonga etgandek bo`ldi.
Ammo bu xursandchilik uzoqqa bormadi. Homilaning rivojlanishini tekshirib turgan shifokorlar kelinim Umidaga va yana qishlog`imizdagi 5 nafar kelinga nosog`lom, nogiron farzand tug`asizlar, deb tashxis qo`yishgan. Biz esa nosog`lom bo`lsa ham, farzand dunyoga kelishini kutishimizni aytdik. Biroq vrachlik punkti mudirasi xonadonimizga “Saxovat” QFY raisi Nurmamat Ismatovni, “Mustaqillik” mahallasi raisi Shamshi Beknazarovni, mahalla xotin-qizlar komissiyasining raisi Sancha Ibodovani, uchastka noziri, kapitan Botir Fayzievlarni bot-bot olib kelib, bolani oldirib tashlashni talab qilishdi. Aks holda tuman prokuraturasiga yozma ravishda aytishini vaj qilib, kelinimizni ko`ndirdi. Bizlarning qarshiligimizga qaramay, homilani oldirdi. Ne ko`z bilan ko`raylikki, homila o`g`il bo`lib, rivojlanishi yaxshi ekan.
— Afsus, bir norasida go`dakni tug`ilmasdan go`rga tiqdilar. Kelinimizning birinchi farzandi ekani va uni ancha vaqtlar shifokor va tabiblarga qaratib homilador bo`lganini bu shifokorlarga qancha tushuntirganimiz bilan ko`nishmadi. Allohning ularga ham aytgani bordir, — deydi sakson yoshli otaxon Esonboy Qarshiev.
Bundan tashqari, o`zaro muloqot jarayonida Shahribonu Qarshievaning o`n nafar farzand tuqqanini eshitgan shifokor uning ustidan tibbiyot xodimiga xos bo`lmagan tarzda haqoratomuz kulgani hamon onaxonni qiynab keladi.
— O`shandan buyon shu ayolni ko`rsam, asabim buzilib, o`zimga kelolmay qolaman, — deydi onaxon og`rinib.
"XALQQA XIZMAT QILMASA, KIMGA KERAK?"
Shifokorning bemorlarga nisbatan bunday munosabatidan aziyat chekkanlar etarlicha topiladi. Shu hududda istiqomat qiluvchi 2-guruh nogironi, ko`krak saratoni bo`yicha ro`yxatda turgan Malika Nurmatovani bunga misol keltirish mumkin.
— O`zim olib borgan dori-darmonlar bilan ukol qilib qo`yishni so`ragandim, — deyaeslaydi Malika Nurmatova. — Ammo na o`zi, na boshqa biror hamshira ukol qilishiga imkon bermay, xonamdan chiqib ket, deb baqirsa bo`ladimi? Shifokorning bunday munosabatidan hayron qoldim. O`shandan buyon 65 km. yo`l bosib, Navoiy shahridagi davolovchi shifokorlardan muolaja olyapman. Xalqqa xizmat qilmaydigan qishloq vrachlik punkti va unda ishlayapmiz, deb haq olayotganlar kimga kerak?
AZIYaT ChEKKANLAR OZ EMAS
Darhaqiqat, Malika Nurmatova kabi Tohir Xolmurodov, Hasan Fayziev, Abdumannon Orziqulov, Mahkamtosh Orziqulova, Bahodir Fayziev, Muxtor Ortiqov kabi ko`plab bemorlar shifo topish uchun kelib, QVP mudirasining qo`pol muomalasidan asablari taranglashib, dardiga dard qo`shilgan.
Muxtasar qilib aytganda, QFP mudirasining xurmacha qiliqlari va bemorlarga nisbatan qo`pol munosabatlari yuzasidan hududning bir necha vakolatli organlariga murojaat qilingan. Shundan so`ng tuman prokurori tomonidan QVP mudirasini boshqa shifoxona, poliklinikalarga ishga o`tkazish haqida taqdimnoma kiritildi. Bu yaxshi, ammo bunday mazmundagi taqdimnoma yoki Mudiraning “til uchida” so`ragan kechirimi boshqa tibbiyot muassasasidagi bemorlarga munosabatini o`zgartirishga kafolat bo`la oladimi? Oq xalatga dog` tushirayotgan bundaylarning tibbiyot sohasida faoliyatini davom ettirishi to`g`rimi?
Hurmatli tahririyat, sizdan iltimos, ushbu yozganlarimizni hech qanday o`zgartirishsiz Sog`liqni saqlash vazirligiga etkazsangiz. Umid bilan ko`pchilik nomidan
Nasrullo Umarov, Bahodir Fayziev,
Oqmirza Qandolatov, nafaqaxo`rlar
Ushbu fuqarolarning iltimosini bajarib, ochiq xatni Sog`liqni saqlash vazirligiga yo`naltirdik. Qayd etilgan holat bo`yicha vazirlikning Onalik va bolalikni muhofaza qilish Bosh boshqarmasi boshlig`i S.Ismailovning imzosi bilan quyidagi javob xatini oldik.
QIShLOQ VRAChLIK PUNKTI MUDIRASI VAZIFASIDAN OZOD ETILDI
— Fuqaro N.Umarovning murojaatnomasi Navoiy viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasining mutaxassislari tomonidan o`rganilib, tegishli hujjatlar bilan tanishildi. Xatirchi tuman tibbiyot birlashmasining tibbiyot xodimlari ishtirokida yig`ilish o`tkazilib, muhokama qilindi. Shuningdek, o`z xatti-harakatlarida kamchiliklarga yo`l qo`ygan “Shulliktepa-Sho`r” QVP mudirasi M.Jumaeva egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Murojaatnomada ko`rsatilgan fuqaro Sh.Qarshievaning kelini U.Qarshieva 2014 yil 7 iyul kuni Xatirchi tumani “Shulliktepa” QVPsining yo`llanmasi bilan Navoiy viloyat Skrining markazida perenital skrining tekshiruvidan o`tkazilgan. Tekshiruv natijasida homilador ayol U.Qarshievaning 16-17 haftalik homilasida kamsuvlik, homila bosh suyaklarining noto`g`ri shaklda shakllanganligi va miya qorinchalarining kengayishi singari nuqsonlar aniqlangan va homiladorlikni to`xtatish tavsiya berilgan.
Homiladorlik to`xtatilgandan so`ng U.Qarshieva markazda qayta tekshiruvdan o`tkazilgan. Tahlil natijasida uning qonida sitomegalovirus me`yoriga nisbatan to`rt barobar ortiqligi aniqlangan va davo muolajalari buyurilgan.
Murojaatnomada ko`rsatilgan keyingi holat: Xatirchi tumanidagi 5 nafar homilador ayolning ham homilasida rivojlanish nuqsonlari aniqlangan va homiladorlik tibbiy ko`rsatmaga asosan to`xtatilgan. Homilalarda rivojlanish nuqsoni bor ekanligi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan.
XOLISLIK NUQTAI NAZARIDAN
Guvohi bo`lganingizdek, tegishli tartibda o`z ishida kasbiy axloq me`yorlariga rioya qilmagan mudira lavozimidan ozod etilgan. Ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasida qo`yilgan tashxislar, qabul qilingan qarorlar va berilgan tavsiyalar ham mutaxassislar xulosasiga ko`ra o`z isbotini topgan. Ammo o`ylantiradigan bir jihat borki, u ham bo`lsa, bir hududda bir qancha ayollarning homilasi rivojlanishida nuqsonlar aniqlanganidir.
Bugun yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, tug`ruq yoshidagi ayollarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat dasturlari, me`yoriy hujjatlar qabul qilinmoqda. Ularning ijrosini ta`minlash shifokorlarimiz zimmasiga ham katta mas`uliyat yuklaydi. Shunday ekan, har bir tibbiyot vakili xalqimiz salomatligi yurtning eng katta boyligi ekanini unutmasligi lozim.
Tahririyat





