Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov 21 iyun kuni tuman aholisiga murojaat qilib, tumanning bir fuqarosi 20 iyunda koronavirusdan vafot etganini ma`lum qildi, deya yozdi kun.uz.
Shu boisdan hokim Ibatov denovliklarni koronavirus infeksiyasidan saqlanish uchun o`rnatilgan talablarga rioya qilishni so`radi.
Hokimning aytishicha, koronavirusdan vafot etgan marhum bilan muloqotda bo`lgan 187 nafar fuqaro karantinga olingan. Ulardan 6 nafarida COVID-19 kasalligi aniqlangan, yana bir nechta fuqaro kasallikda gumon qilinmoqda.
Ushbu videolavha Denov tumani hokimligining Telegram kanalida e`lon qilinib, so`ngra o`chirib tashlandi.
Biroq, Sog`liqni saqlash vazirining matbuot kotibi, jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi rahbari Furqat Sanaev bilan bog`langanda, u bu faktni tasdiqlamadi.
SSV koronavirusdan o`lim holati haqida so`nggi marta 10 iyun kuni ma`lumot bergan edi. O`shanda 27 may kuni Sankt-Peterburgdan charter reys orqali O`zbekistonga kelgan va karantin markazida tibbiy kuzatuvga olingan samarqandlik A. pandemiya qurboni bo`lgani aytilgan, bu bilan O`zbekistonda koronavirus yuqtirib vafot etganlar soni 19 nafarga etgan edi.
20 va 21 iyun kuni Sog`liqni saqlash vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi tomonidan tayyorlangan ma`lumotlarda ham Surxondaryo viloyatida koronavirusning yangidan yuqish holatlari qayd etilgani ma`lum qilinmagan.
Vazirlik so`nggi marta 17 iyun kuni Surxondaryoda aholi o`rtasida 6 nafar — karantin markazida 4 nafar va aholi o`rtasida 2 nafar kishida yangi yuqtirish holati aniqlangani haqida xabar bergan.
Eslatib o`tamiz, bunday avval Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida ham bemorning koronavirusdan vafot etgani SSV tomonidan rad etilgan edi. Biroq uni davolagan shifokorlar va marhumning 8 yaqinida koronavirus aniqlandi.






