Shvesiya koronavirusga qarshi qanday kurash olib bormoqda

Dunyo 23.06.2020, 09:31
Shvesiya koronavirusga qarshi qanday kurash olib bormoqda

Dunyoda o`ziga xos iqtisodiy taraqqiyot yo`lini tutgan mamlakatlar ko`p. Ularning ko`pchiligi muvaffaqiyatga erishib butun dunyoga o`rnak ham bo`lishyapti. Bunga iqtisodchilar taraqqiyotning «milliy modeli», deb baho berishadi, odatda. Ammo koronavirus tarqalgach, unga qarshi kurashda ham ayrim mamlakatlarning o`ziga xos yo`l tutayotgani dunyo jamoatchiligini qiziqtirib qo`ymoqda. Chunki, aksariyat mamlakatlar koronavirusga qarshi deyarli bir ko`rinishda kurash olib borayotgan bir paytda ushbu o`ziga xoslik qanday samara berayotgani ko`pchilikning e`tiborini tortmoqda. Ana shunday mamlakatlarning biri Shvesiyadir.

Hindiston 1,3 milliardlik aholisini yoppasiga karantinga kiritdi. Germaniya ikki kishidan ko`p odam to`planishini taqiqlab qo`ydi. Fransiyaliklardan uyidan ko`chaga chiqmoqchi bo`lsa qanday maqsadda chiqayotganligi haqida anketa to`ldirish talab qilinmoqda. Buyuk Britaniyada aholining o`zini o`zi yakkalash tartibiga rioya qilishini polisiya kuzatib bormoqda.

Shvesiyada bari boshqacha kechmoqda

Evropaning eng taraqqiy etgan mamlakatlaridan biri sanalgan Shvesiya Evroittifoqda karantin joriy qilmagan yagona mamlakat bo`ldi. Barcha mamlakatlarda koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi keskin choralar ko`rilayotgan bir sharoitda, bu mamlakatda favqulodda holat rejimi joriy qilinmadi. Hukumat asosiy urg`uni fuqarolarning o`zlari muammoga ongli ravishda munosabatda bo`lishiga qaratdi va hozircha ushbu model o`z samarasini bermoqda.

Avval iqtisod, keyin siyosatmi?

Shvesiya hukumati aholining mehnat faoliyatini to`xtatish, mamlakatda qattiq karantin choralarini qo`llash, bir so`z bilan aytganda, mamlakatning iqtisodiy hayotiga tushov solish o`rniga boshqa o`ziga xos choralarni ko`rishni maqbul ko`rdi.

Masalan, hukumat Evroittifoqqa kirmaydigan mamlakatlar fuqarolarining Shvesiyaga kelishiga qo`yilgan taqiqni yana bir oyga uzaytirdi.

Mamlakatning tashqi chegaralari martning o`rtalaridan yopib qo`yildi. Shvesiyada koronavirusga qarshi kurashda joriy qilingan va hozirda amalda bo`lgan oz miqdordagi taqiqlarning asosiysi ham aynan shu bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi.

Shvesiyada ham koronavirusga chalingan soni 10 mingdan oshib ketgan, o`lim ham anchagina, lekin boshqa mamlakatlarnikidan farqli o`laroq, Shvesiyada infeksiyaga chalinish holati bo`yicha vaziyat keskin sakrashlarsiz, barqaror kechmoqda. Holbuki, xuddi shu vaqtda qo`shni Germaniyada ahvol juda jiddiy tus olgandi.


 

Umuman, umumiy manzaraga qaralganda Shvesiyadagi ahvolni yomon deb bo`lmaydi. Chunki mamlakat koronavirusga chalinganlar bo`yicha Evropada liderlik qilayotgani yo`q. Ushbu pozisiyani Ispaniya egallab turibdi. Koronavirusdan o`lim holati bo`yicha ham Shvesiya boshqa mamlakatlardan ancha orqada. Masalan, bu borada u Italiyaga eta olmaydi.

Shvesiya faqat o`zining qo`shnilari Daniya, Norvegiya va Finlyandiya bilan tenglashishi mumkin. Ammo bu qo`shnilarda qattiq karantin choralariga amal qilinmoqda.

O`z yo`limiz bor

Darvoqe, Shvesiya hukumati hali ham o`zi tanlagan strategiyadan chekinmoqchi emas. Daniya va Norvegiyada maktablar, korxonalar va jamoatchilik joylari yopilgan bir paytda, Shvesiyada hayot avvalgidek o`z maromida kechmoqda. Do`konlar ishlab turibdi, fuqarolar ochiq havoda sport bilan shug`ullanishmoqda, qandaydir cheklovlar bo`lganda ham, u faqat ommaviy yig`inlarga tegishli bo`lmoqda.

Masalan, yaqinda qit`ada pasxa bayrami ta`tillari bo`ldi. Butun Evropa ushbu bayramga koronavirus tarqalishi uchun asosiy tahdid sifatida qarashdi. Bayram arafasida Germaniya kansleri Angela Merkel nemislarni izolyasiya tartiblariga amal qilishda davom etishga chaqirdi.

U karantin tufayli koronavirusga qarshi kurashda yaxshi natijalarga erishilayotganini ta`kidlar ekan, «biz Pasxada va undan keyin ham karantin choralariga amal qilishimiz kerak, chunki bu yo`ldagi erishgan muvaffaqiyatlarimizning hammasini tez fursatda qo`ldan boy berishimiz mumkin», — deya ta`kidladi.

Shvesiyada esa, hukumat fuqarolaridan faqat masalaga mas`uliyat bilan yondashishni, 50 kishidan ziyod bo`ladigan ommaviy tadbirlarga bormay turishni tavsiya qildi, xalos.

Ko`rilayotgan yumshoq choralar mamlakatda pandemiyaga qarshi kurash umuman olib borilmayapti, degani emas, albatta. Infeksiyaga chalingan fuqaro kim bo`lishidan qat`iy nazar boshqa odamlardan ajratiladi, u bilan aloqada bo`lgan shaxslar esa testdan o`tkaziladi. Shuningdek, mamlakatda Jahon sog`liqni saqlar tashkiloti (JSST) tavsiya qilgan ijtimoiy masofaga hamda gigiena va boshqa xavfsizlik choralariga amal qilinmoqda.

Farq nimada?

Shvesiya modelining boshqa mamlakatlarnikidan asosiy farqi shuki, ular turli cheklovlar bilan iqtisodni bo`g`madi. Korxonalar va do`konlar va unchalik katta bo`lmagan emakxonalar ishlab turibdi. Aholiga imkon bo`lsa masofadan turib ishlash tavsiya etilmoqda.

Mamlakat bo`ylab sayohat qilish imkoniyati saqlanib qolgan, poezdlar qatnashda davom etmoqda. Hukumat aholini agar zarurat bo`lmasa safarga chiqmay turishni eslatdi, xalos.

«Hukumat, hatto, nisbatan erkin tartibda ham ayrim cheklovlarga, ijtimoiy normativlarga amal qilish kerakligi haqidagi tushunchani shvedlarning ongiga singdira oldi», deydi aksariyat ekspertlar.

Eng muhimi, odamlar ham hukumat va tibbiy instansiyalarning ushbu ko`rsatmalariga ongli ravishda amal qilmoqda. Ular birorta ham xavotirli vaziyatlarni yuzaga keltirmayapti, deydi ekspertlar.

Boshqalar uchun namuna

Shvesiyaning pandemiya sharoitida tutgan ushbu yo`lini hamma ham birdek ma`qullayotgani yo`q, albatta. Davlat o`z hamkorlarining ham, o`z fuqarolarining ham tanqidiga duch kelmoqda. Xususan, mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari ko`rilayotgan choralarning samaradorligi bilan bog`liq savolni muntazam ko`tarib chiqmoqda.

Masalan, Dagens Nyheter, nashrining yozishicha, pandemiya Shvesiya jamoat sog`ligini saqlash agentligining faoliyatini barbod qildi. Tahlilchilar agentlikni o`ta yumshoq tavsiyalar berganlikda aybladi va qattiq choralar ko`rish lozimligini eslatishdi. Norwegian Daily nashri jurnalistlari esa, Shvesiya hukumatini hozirdanoq ayblash noo`rin ekanini ta`kidlashmoqda.

Politico tahlilchilari, qo`shni mamlakatlar pandemiyani butunlay to`xtatishga urinayotgan bir paytda Shvesiyaning tutgan strategiyasi ko`proq virusning tarqalishini kamaytirishga qaratilganini eslatmoqda.

Ayrim ekspertlarning fikricha, Shvesiya qo`llayotgan usul boshqa mamlakatlarga namuna bo`lishi mumkin, xalos. Shimol mamlakatlarining chiqargan sabog`i boshqa mamlakatlar uchun yangi pandemiya yuz berganda foydali bo`ladi, deydi ular.

Yana shuni ham ta`kidlash joizki, mazkur model hamma mamlakatlarga ham to`g`ri kelavermas ekan. Masalan, Amerika lideri Donald Tramp Shvesiya tutgan yo`l haqida to`xtalar ekan, «Shvesiya yo`lini tutganimizda AQShda 2 millionga yaqin odam o`lib ketgan bo`lardi», deydi.

«Shvesiya bizdan farq qiladi. Ular boshqa yo`ldan borishdi. U juda intizomli mamlakat», — deya ta`kidladi AQSh prezidenti.

Boshqa ekspertlar ham Shvesiya modeli faqat Shvesiyada ish berishini ta`kidlashmoqda. Bunga, Shvesiyaning o`ziga xos mamlakat ekani sababdir, demoqda ular.

«Masalan, ularning misolida ko`radigan bo`lsangiz, pandemiya davrida ijtimoiy cheklov qanchalik samarali ishlayotganini kuzatish mumkin. Yana shuni ham inkor etib bo`lmaydiki, bu usul boshqa mamlakatlarda, jumladan, Evroittifoqda ish bermasligi mumkin», deyishmoqda kuzatuvchilar.

«Shvesiyada o`ziga xos noyob model ishlamoqda, va bu shuni ko`rsatmoqdaki, har bir mamlakat o`zining spesifikasini hisobga olishi lozim», — deydi yana bir guruh ekspertlar.

Bir so`z bilan aytganda, Shvesiya hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda fuqarolarning o`ta intizomli bo`lishiga umid qilmoqda. Shvesiya amal qilayotgan ushbu ssenariy o`zining hayotiyligini namoyish etmoqda va hozircha yaxshi samara bermoqda, deyishga, asos etarli.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1