Qirg`iziston hukumati a`zolari, jumladan yangi bosh vazir Kubatbek Boronov sobiq bosh vazir Muhammadkaliy Abilgazievni kuzatish vaqtida guruh bo`lib tushgan suratlari e`lon qilingandan keyin jarimaga tortildilar. Bu haqda kun yozmoqda.
Eslatib o`tamiz, sal kam o`n kun oldin Kubatbek Boronov nomzodini mamlakat bosh vaziri lavozimiga ma`qullangan edi.
Surat 18 iyunda Qirg`iziston hukumati binosi yonida olingan. Unda ishtirokchilar ijtimoiy masofaga rioya qilmagan va niqobsiz holda suratga tushishgan. Hukumatning 124 a`zosidan faqatgina ikki nafaridagina niqob bo`lgan.
Bishkek bo`yicha sanitar-epidemiologik nazorat davlat markazi shu sababli bosh vazir, sobiq bosh vazir va hukumatning boshqa a`zolariga jarimaga solgan. Jumladan, bosh vazir Kubatbek Boronov, bosh vazir o`rinbosarlari Aida Ismailova, Akram Madumarov, Erkin Asrandiev, bo`limlar boshliqlari, sobiq bosh vazir Muhammadkaliy Abilgaziev 5 ming somdan (67 dollar) jarimaga tortilgan.
Qoidabuzarlarga, shuningdek, ma`muriy bayonnomalar tuzilgan. Jarima ularning maoshidan undirib qolinadi.
Avvalroq yangi bosh vazir ushbu hodisa uchun uzr so`ragan va hukumatning oddiy xodimlari sanitar qoidalariga rioya qilmagani uchun jazolanmasligiga va`da bergan.
“Qonunga ko`ra, mendan boshlab, bosh vazir o`rinbosarlari, apparat rahbari va sobiq bosh vazir jarima to`laydi. Jarima apparatning oddiy xodimlariga qo`llanmaydi, chunki bo`limlar boshliqlari sobiq bosh vazirni kuzatib qo`yish uchun ularni ish joylaridan chaqirtirib olishgan. Shu sababli ular jazolanmaydi. Ishontirib aytaman, hukumat apparatining barcha xodimlari ish joyida niqob rejimiga qat`iy amal qilmoqda. Yana bir bor uzr so`rayman”, deb aytgan Kubatbek Boronov.
15 iyunda Qirg`izistonning sobiq bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziev radiochastotalarning noqonuniy sotilishi bilan bog`liq mojaro sababli iste`foga chiqqandi. Shundan keyin uning o`rniga Kubatbek Boronov tayinlangandi.






