1

Agentlik ogohlantiradi! Taniqli qo`shiqchilarning konserti reklamada jonli ijro, ammo amalda...

Madaniyat 25.06.2020, 17:58
Agentlik ogohlantiradi! Taniqli qo`shiqchilarning konserti reklamada jonli ijro, ammo amalda...

Aynan karantin davrida televidenie va radiokanallar orqali aholiga turli-tuman qiziqarli teatr, konsert tomoshalari reklamasi taqdim etib borilmoqda. Ayniqsa, reklamasi ko`pchilikni jalb etayotgan xonandalarning jonli efirli konsertini ko`pchilik intiqib kutishadi. Ammo uni tomosha qilish jarayonida buning aksi bo`layotgan holatlar teletoshabinlarning e`tiroziga sabab bo`lyapti. 
Albatta, reklamalarni tarqatishda (joylashtirishda) reklama to`g`risidagi qonun hujjatlari talablarini buzilishiga yo`l qo`yilmaydi. Bu borada O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o`z vakolatlari doirasida iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi. Bu haqda Agentlik Matbuot xizmati xabar qildi. 
Yaqinda Agentlik tomonidan o`tkazilgan o`rganishlarda ayrim OAVda qonun hujjatlari talablariga zid ravishda reklamalar tarqatilayotgani va joylashtirilayotgani ma`lum bo`ldi. Yuqorida keltirib o`tilganidek, taniqli qo`shiqchilar ishtirokidagi to`g`ridan-to`g`ri uzatiladigan konsert dasturlari reklamasida jonli ijro to`g`risida axborot berilmoqda, biroq ushbu konsert tadbirlari ishtirokchilari (xonanda, sozanda, mehmon xonanda, xonandaning o`g`li yoki qizi) tomonidan jonli ijrodan foydalanilishi mavhum qolmoqda.
Shu maqsadda Agentlik ommaviy axborot vositalari, teleradiokanallarga iste`molchilarni noto`g`ri va ishonchsiz reklamalardan himoya qilish maqsadida teatr-konsert tadbirlari haqidagi axborotni qonun hujjatlari talablariga qat`iy rioya qilgan holda tarqatishi yuzasidan ogohlantirish xatlari berildi.

 Eslatib o`tamiz: O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan, teatr-konsert tadbirlari o`tkazilayotganda fonogrammadan foydalanish to`g`risidagi axborot ko`rsatilishi, Teatr-konsert tadbirlarini o`tkazishda fonogrammadan foydalanish to`g`risida ma`lumotni taqdim etish qoidalarida (ro`yxat raqami 1188, 2002 yil 16 noyabr) agar tadbirda fonogramma ishlatilsa, uning reklamalarida “Fonogramma orqali ijro etiladi” degan so`zlarni va ular (so`zlar) reklamada gorizontal tarzda, aniq ko`ringan holda, reklamaning umumiy hajmining 5 foizidan kam bo`lmagan darajada bo`lishi shartligi belgilangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1