
Davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Chortoq tumani Baland adir hududidagi issiqxonalar majmuasini barpo etish loyihasi bilan tanishdi.

Prezidentimiz o`tgan yili Namangan viloyatiga tashrifi chog`ida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam ta`minlangan oilalar bandligini ta`minlash orqali doimiy daromad manbalariga ega bo`lishlariga ko`maklashish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida viloyat hokimligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida “Bir joyda - ming oila issiqxonasi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Baland adir dashtliklarida uzoq yillar davomida foydalanilmagan 36 gektar maydondagi har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona loyihasi “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati mas`uliyati cheklangan jamiyat hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Umumiy qiymati 13 milliard so`m bo`lgan loyihaga Bandlikka ko`maklashish jamg`armasi hisobidan 6,7 milliard so`m subsidiya mablag`lari va tijorat banklarining 6,3 millard so`mlik imtiyozli krediti yo`naltirilmoqda.

Hozirgi kunda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari etishtirish imkonini beradigan har biri 2 sotixdan bo`lgan 800 ta issiqxona qurib egalariga topshirildi. Qolgan 200 tasi iyul oyi oxirida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Ushbu loyihaning afzalligi shundaki, “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida bir joyda eksportbop sifatli mahsulot etishtiriladi, kambag`al oilalar doimiy daromad manbalariga ega bo`ladi va bandligi ta`minladi. Yana bir qulayligi - mahsulotni etishtirishda ko`chat, suv, mineral o`g`it hamda bozor ta`minoti etakchi tadbirkor tomonidan kafolatlanadi.
Ayni paytda Chortoq tumanidagi 800 ta kambag`al oila a`zolarining bandligi ta`minlandi.

Prezidentimizga ushbu loyihaning afzalliklari va imkoniyatlari haqida batafsil ma`lumot berildi.
2 sotixli issqxonada uch marta hosil etishtirish imkoniyati bor. Xususan, bitta issiqxonada 700 tup pomidor ko`chati ekilgan. Har bir tup ko`chatdan o`rtacha 4-5 kilogrammdan mahsulot olish mumkin. Bugungi kunda 1 kilogramm pomidorning o`rtacha narxi 3 ming so`mdan bo`lganda, birinchi hosilning o`zidan 7-8 million so`m daromad olsa bo`ladi.

Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan loyiha doirasida ushbu hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kambag`al oilalar a`zolarini qishloq xo`jaligi kasblariga o`qitish uchun Agrobiznes o`quv mono markazi tashkil etildi. Ushbu maskanda limonchilik (issiqxona), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik kabi yo`nalishlarda yiliga 2000 dan ortiq ishsizlar kasbga o`qitiladi.
Bugungi kunda Chortoq tumanida 200 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ishsizlar soni 7 mingdan ziyod.
Prezident Shavkat Mirziyoev aholi bandligini ta`minlashda tizimli ishlarni davom ettirish zarurligini ta`kidladi. Kamida o`n mingta ish o`rni yaratish lozimligi qayd etildi.
– Odamlarimiz islohotlar samarasini sezishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari. – Ularni rozi qiladigan tizim yaratishimiz lozim.
Shu erda viloyatda kambag`allikni qisqartirish, bandlikni ta`minlash, “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati tomonidan intensiv bog`dorchilik (yong`oq, bodom, olma va olcha)ni tashkil etish, chorvachilik va sutni qayta ishlash loyihalari taqdimoti o`tkazildi. Ushbu loyihalarni amalga oshishi evaziga yuzlab yangi ish o`rinlari yaratiladi.













