AsosiyJamiyat

9 oyda qariyb 100 foiz bojxona yuk deklarasiyalari elektron shaklda rasmiylashtirildi

 

Davlat bojxona qo`mitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi (IBK) va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yilning       13 noyabr kuni poytaxtimizdagi tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) bojxona postlari va ishlab chiqarish korxonalari bo`ylab media-tur uyushtirildi.

Media-tur davomida ishtirokchilar yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish asnosida mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning samarasini aniq misollarda ko`rish imkoniyatiga ega bo`lishdi.

Jurnalistlar dastlab Olmazor tumanidagi “Orange Textile” to`qimachilik korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Ta`kidlash joizki, birgina 2015 yilning o`tgan 9 oyi davomida respublikamizda TIF ishtirokchilariga chetdan olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar va ularning ehtiyot qismlari, shuningdek mahalliylashtiriladigan mahsulotlar ishlab chiqarish texnologik jarayonida foydalaniladigan komponentlar uchun bojxona to`lovlaridan taqdim qilingan bojxona imtiyozlari miqdori o`tgan yilning shu davriga nisbatan 11,1 % ga oshdi.

2015 yilning 9 oyi davomida respublikamizda 99,9% bojxona yuk deklarasiyalari (BYuD) elektron shaklda rasmiylashtirildi. Tovarlarni elektron deklarasiyalash prosedurasining joriy etilishi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini tezlashtirish, TIF qatnashchilarining harajatlarini qisqartirish, tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida inson omilini kamaytirish, tadbirkorlik sub`ektlari va bojxona organlari xodimlari o`rtasida bevosita muloqotni kamaytirish imkonini berdi.

Media turning navbatdagi manzili Sirg`ali tumanidagi «Fayz Dekor Biznes» va «Fayz Textile» O`zbekiston-Britaniya qo`shma korxonalari bo`ldi.

Media tur yakunida jurnalistlar “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining “Aviayuklar” hamda  Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Sergeli» TIF bojxona postlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

“Aviayuklar” bojxona posti “Toshkent xalqaro aeroporti” DUK, “O`zaviatexta`minot” MTTM, “Dori-darmon” AK, “Uzbekistan Airways Technics” DUK,  “O`zbekiston Temir Yo`llari” DAK va boshqa davlat tashkilotlari va xususiy korxona va tashkilotlariga tegishli tovarlarining havo yo`llari orqali eksport va import qilish jarayonida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.

Mazkur bojxona postida “On-line” rejimida ishlaydigan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish imkonini beruvchi, “bir darcha” tamoyili bo`yicha eksportga etkazib berishlar bilan bog`liq mexanizm qo`llanib kelinmoqda. Ushbu bojxona postida bojxona rasmiylashtiruviga zarur bo`lgan hujjatlarni berishga vakolatli bo`lgan mutasaddi idoralarning vakillari ham faoliyat olib bormoqdalar.

Joriy yilning o`tgan 9 oyi davomida mazkur post tomonidan 22,8 mingdan ortiq eksport va import BYuD asosida 660 mln. AQSh dollaridan ortiq qiymatidagi yuklar rasmiylashtirilgan.

Joriy yilning o`tgan 9 oyi davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan    104 mingdan ortiq eksport va import BYuD asosida 6,6 mlrd. AQSh dollaridan ortiq qiymatidagi yuklar rasmiylashtirilgan.

 

    Boshqa yangiliklar