AsosiyJamiyat

Islom Karimov va Navoz Sharif O`zbekiston bilan Pokiston o`rtasidagi Qo`shma deklarasiyani imzoladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharif 17 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi, deya xabar beradi O`zA. 

Ko`ksaroy qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo`ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Navoz Sharif shohsupaga ko`tarildilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. O`zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri faxriy qorovul safi oldidan o`tdilar. 

Islom Karimov va Navoz Sharif uchrashuvida asosiy e`tibor mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi. 

Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Navoz Sharif O`zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o`rtasidagi Qo`shma deklarasiyani imzoladilar. Shuningdek, o`zaro savdo munosabatlarini rivojlantirish, soliq sohasida qo`shimcha imtiyozlar yaratish, tashqi ishlar vazirliklari o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga doir qator hujjatlar imzolandi. 

O`zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ochiq va amaliy ruhda o`tgan muzokaralarda o`zaro aloqalarni rivojlantirishning muhim masalalari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashilganini ta`kidladilar. Ushbu tashrif va unda erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi uzoq muddatli va o`zaro manfaatli hamkorlik rivojida yangi sahifa ochishi, unga qo`shimcha sur`at bag`ishlashi qayd etildi. 
Pokiston Islom Respublikasining Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharifning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda. 

Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda O`zbekiston va Pokiston o`rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid keng ko`lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish mo`ljallangan. 

 

    Boshqa yangiliklar