O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov hamda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharif o`rtasidagi muzokarada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi, deya xabar beradi O`zA.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasida turli sohalarga oid 42 hujjat imzolangani qayd etildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, o`zaro investisiyalarni rag`batlantirish va kapital qo`yilmalarni himoya qilish, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo`l qo`ymaslik hamda daromad soliqlarini to`lashdan bosh tortishni bartaraf qilishga oid bitimlar savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qilmoqda.
O`zbekiston Pokistonga paxta tolasi, ko`nchilik xomashyosi, transport va turizm xizmatlari eksport qiladi. Pokiston mamlakatimizga dori vositalari, kimyo va qishloq xo`jaligi mahsulotlari etkazib beradi, transport xizmati ko`rsatadi.
Mamlakatimizda Pokiston kapitali ishtirokida 57 korxona tashkil etilgan. Ular savdo, to`qimachilik, ko`nchilik, oziq-ovqat, qog`oz ishlab chiqarish, transport va turizm sohalarida faoliyat yuritmoqda. Yaqinda Toshkentda bo`lib o`tgan Xalqaro investisiyaviy forumda pokistonlik ishbilarmonlar faol qatnashdi.





