1

Futbol yulduzi Muhammad Saloh o`zi tug`ilgan qishloqqa tez tibbiy yordam markazi qurib berdi

Dunyo 02.07.2020, 13:09
Futbol yulduzi Muhammad Saloh o`zi tug`ilgan qishloqqa tez tibbiy yordam markazi qurib berdi

Liverpul futbol jamoasining misrlik yulduzi Muhammad Saloh gol urish va kuboklar yutishdan boshqa ishlarni ham amalga oshiradi. U nafaqat futbolda, balki hayriya ishlarida ham etakchilardan biri hisoblanadi. Bunday ishlarning so`nggi ko`rinishi Saloh o`zi voyaga etgan Misrning Nagrig hududiga tez tibbiy yordam markazini qurib berishi bo`ldi.

600 000 Misr fundi (37 200 AQSh dollari) miqdoridagi mablag`ga qurib bitkazilgan ushbu markaz mazkur qishloqda yashovchi 30 ming kishiga xizmat qiladi. Uning ochilish marosimi shu haftada bo`lib o`tdi va unda Salohning otasi Hoji Saloh G`oliy ham ishtirok etdi.Futbolda superyulduz darajasigacha chiqqan bo`lasada, Muhammad Saloh o`zining tug`ilib o`sgan joylarini esdan chiqarib qo`ymaydi.

Foydalanishga topshirilgan yangi tibbiyot markazi Salohning ko`plab amalga oshirgan xayriya ishlaridan birigina xolos.

Misol uchun, Nagrigda qizlar maktabga borish uchun uzoq masofalarni bosib o`tishlariga to`g`ri kelardi. Shuning uchun Saloh 2018 yilda ushbu qishloqda qizlar uchun maktab qurishni moliyalashtirdi. U, shuningdek, Nagrig qishlog`ida joylashgan G`arbiya provinsiyasi uchun er sotib olib berdi. Endi provinsiya bu erni suvni qayta tozalash zavodi qurish uchun ishlatadi va bu erda toza suv muammosi hal bo`ladi.

Bundan oldin Liverpul hujumchisi o`z qishlog`i uchun tibbiy jihozlar taqdim etgan va bu erdagi muhtoj odamlarga yordam berish uchun xayriya fondini tashkil qilgandi. Saloh o`zi tahsil olgan eski maktabiga futbol maydoni va sport zali qurishga ham ko`maklashdi. Endi bu maktabdagi bolalar sport bilan shug`ullanishlari va sog`lom turmush tarziga amal qilib yashashlariga sharoit yaratildi.

Saloh nafaqat o`zining tug`ilib o`sgan joyiga, balki Misrning boshqa hududlariga ham moliyaviy yordam beradi. U 2016 yilda «Tahya Masr Fund» fondiga 5 million Misr fundi, 2019 yilda esa Milliy silga qarshi kurash institutiga 50 million Misr fundi miqdoridagi mablag`ni xayriya qilgan. Saloh qo`li ochiq inson bo`lgani uchun uni “baxt yaratuvchi” deb ham atashadi. Salohning futbol maydonidagi harakatlari boshqalarni qanchalik ruhlantirsa, uning maydon tashqarisidagi ishlari ham shunchalik muhim ahamiyatga egadir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1