19 noyabr Xalqaro chekishga qarshi kurash kuni. Har yili 6 million qurbon... Shulardan 83 foizi «tajriba»li kashandalar, qolgani esa «asabni tinchlantirish» usulining foydalanuvchilari.
Bolalardagi tug`ma nuqsonlarning 20 foizi – tamaki chekuvchi ota-onalarning «sharofati» bo`lsa, 15 foizi tamaki tutunidan zaharlanish oqibatida kelib chiqadi. Agar ahvol shu tarzda davom etsa, 2030 yilga kelib tamaki mahsulotlari yiliga 8 million kishining «yostig`ini quritishi» mumkin.
Mazkur raqamlar Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlari bo`lib, tamaki chekuvchilar orasidagi o`lim holatining ko`payib borayotgani (achinarlisi qurbonlar orasida yoshlar ham bor) ushbu muammoning nechog`lik dolzarbligini anglatadi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, har olti soniyada dunyo bo`yicha bitta kashanda hayotdan ko`z yumadi. Bu har yilgi umumiy ko`rsatkichning 10 foizini tashkil qiladi. Har ikkinchi qurbon esa organizmning nikotin moddasi bilan zaharlanishidan nobud bo`ladi. Tamaki tutuni ta`sirida dunyo bo`yicha har yili 600.000 dan ortiq inson kasallanadi.
Tamaki chekish haqida so`z borganida imkon qadar hayotiy voqealar va real ishtirokchilarga yuzlansak, muhokamamiz jonliroq chiqishini o`ylab, kino va estrada san`atkorlaridan so`radik. «Qachondan beri chekasiz?», «Tashlashga urinib ko`rganmisiz?», «Tamaki zarari haqida bilasizmi?»





