1

Qozog`iston orqali O`zbekistonga qaytish mumkinligi haqidagi xabarlarga ishonmaslik so`ralmoqda

Dunyo 05.07.2020, 15:45
Qozog`iston orqali O`zbekistonga qaytish mumkinligi haqidagi xabarlarga ishonmaslik so`ralmoqda

Rossiya va Qozog`iston chegerasida o`zbekistonlik fuqarolar to`planib qolganligi, ular respublikaga qaytishda muammolarga duchor bo`layotganligi haqida avval xabar bergan edik.

O`zbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommabop messenjerlarda Rossiya Federasiyasi va Qozog`iston Respublikasi o`rtasidagi chegara ochilgani hamda Rossiyadagi O`zbekiston fuqarolari Qozog`iston hududi orqali Vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolg`on xabarlar tarqalmoqda.

Bundan tashqari, yo`lovchi tashish bilan shug`ullanadigan ayrim shaxslar Rossiya-Qozog`iston chegarasiga odamlarni etkazib qo`yish va chegarani kesib o`tishda «yordam berish»ni va`da qilib turli e`lonlar tarqatmoqdalar.

Elchixona vatandoshlarimizdan bu kabi yolg`on xabarlarga ishonmasliklarini so`rab qoladi. Rossiya, O`zbekiston va Qozog`istonda joriy qilingan karantin choralari, shu jumladan mamlakatlarga kirish bo`yicha cheklovlar o`z kuchida qolmoqda.

Afsuski, shu kunlarda Samara viloyatidagi Bolshaya Chernigovka qishlog`i, Orenburg viloyatidagi Buzuluk tumani va Sol-Iletsk shahrida O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining yana to`planishi kuzatilmoqda. Ularning ko`pchiligi, yolg`on xabarlarga ishonib, Rossiyaning turli hudularidan kelgan va Qozog`iston orqali Vatanimizga qaytish istagini bildirmoqda.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqalarning bir joyda to`planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, doimiy kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Yana bir bor, Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolg`on xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya-Qozog`iston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qat`iy rioya qilishlarini so`rab qolamiz, deyiladi elchixona murojaatida.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga zid ma`lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilanagan. Xususan, mazkur ma`lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko`paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek Internet orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan (44 mln 600 ming so`mdan) 400 baravarigacha (89 mln 200 ming so`m) miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yohud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, Rossiya Federasiyasi qonunchiligiga binoan, bila turib og`ir oqibatlarga olib keladigan, yolg`on ma`lumotni tarqatish 300 mingdan 2 million rublgacha jarima hamda uch yildan besh yilgacha qamoq bilan jazolanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1