AsosiySiyosat

Nursulton Nazarboev 80 yoshda! Shavkat Mirziyoev Elboshini yubiley bilan tabrikladi

'Nursulton Nazarboev 80 yoshda! Shavkat Mirziyoev Elboshini yubiley bilan tabrikladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 iyul kuni Qozog`iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi. 

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Nursulton Abishevich Nazarboevni yubiley bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog`lik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.

Elboshining zamonaviy Qozog`istonni barpo etish, kuchli davlat boshqaruvi institutlari va milliy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, mamlakat raqobatbardoshligi, xalqaro nufuzini oshirishga va, eng muhimi, aholining yuksak turmush darajasini ta`minlashga qaratilgan samarali ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tarixiy roli alohida qayd etildi.

Nursulton Nazarboevning muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yirik tashabbuslaridan biri – jadal rivojlanib borayotgan Qozog`istonning “tashrif qog`ozi”ga aylangan yangi poytaxt - Nur-Sulton shahriga asos solingani ta`kidlandi.

Elboshining global xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, turli hududlardagi mojarolarni tinch yo`l bilan hal etish, Markaziy Osiyoda integrasiyani kuchaytirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyatda keng e`tirofga sazovor bo`ldi.

Qozog`istonning Birinchi Prezidenti mamlakatlarimiz o`rtasidagi qardoshlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo`shdi.

Bugungi kunda O`zbekiston va Qozog`istonning ko`p qirrali hamkorligi izchil rivojlanishda davom etmoqda hamda savdo-iqtisodiy, investisiya, energetika, qishloq xo`jaligi, transport-logistika, ta`lim va boshqa ustuvor yo`nalishlardagi aniq qo`shma dastur va loyihalar hisobiga kengayib bormoqda.

Muloqot chog`ida etakchilar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, pandemiyaning o`zaro manfaatli hamkorlikka salbiy ta`sirini kamaytirish bo`yicha o`zaro yaqin muvofiqlashuv va sheriklikni davom ettirish muhimligi ta`kidlandi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do`stona ruhda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar