1

Bahodir Jalolov: men uchun Olimpiya o`yinlari oltin medali afzalroq

Sport 09.07.2020, 14:57
Bahodir Jalolov: men uchun Olimpiya o`yinlari oltin medali afzalroq

Havaskor va professional boksda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotgan charm qo`lqop ustasi Bahodir Jalolov ayni kunlarda nimalar bilan bandligi, rejalari haqida O`zA muxbiriga gapirib berdi:

– Sportchilarda bo`sh vaqt kam bo`ladi. Karantin vaqtida e`tiborimni eng avvalo salomatligimni yanada mustahkamlashga qaratdim, davolandim. Shuningdek, jismoniy holatimni yaxshilash maqsadida dzyudo bilan ham shug`ullandim. Hozir boks bo`yicha terma jamoamiz safida mashg`ulotlarni davom ettirayapman.

– Olimpiya o`yinlari surilgani sizga qanday ta`sir ko`rsatdi?

– Olimpiada yo`llanmasini qo`lga kiritgan sportchi ushbu nufuzli musobaqani kutadi va unda yaxshi natija qayd etish uchun mashg`ulotlarga zo`r beradi. Olimpiya o`yinlari surilgani menga unchalik ta`sir o`tkazmadi. To`g`ri, jahon chempionati va to`rt yillikning eng nufuzli musobaqasi yo`llanmasi uchun o`tgan musobaqalarda yaxshi sport formasida edim. Biroq pandemiya sabab, Olimpiada qoldirildi. Har qanday sharoitda ham men ushbu musobaqaga tayyorman.

– Bu o`zgarish rejalaringizga ta`sir qildimi?

– Albatta, rejalarimga ta`sir o`tkazdi. Olimpiya o`yinlaridan so`ng, professional ringdagi faoliyatimni davom ettirmoqchi edim. Endi barcha rejalar o`zgardi.

– Olimpiya o`yinlariga qadar bir yildan ko`proq vaqtingiz bor, (agar musobaqa muddati yana o`zgarmasa) bu vaqt mobaynida nimalar bilan band bo`lasiz?

– Hozir musobaqalar o`tkazilishi bo`yicha aniq qarorni kutmoqdamiz va Olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ko`rishda davom etmoqdamiz. Karantin holati yumshatilib, musobaqalar o`tkazilishi boshlansa Olimpiya o`yinlariga qadar professional boksda 2-3 ta jang o`tkazib, reytingdagi o`rnimni yaxshilab olmoqchiman.

– Qay birini tanlaysiz, Olimpiya o`yinlari oltin medalimi yoki professional boksdagi jahon chempionligi kamarimi?

– Olimpiya o`yinlari oltin medali va professional boks bo`yicha jahon chempionligi boks olamining eng yuqori cho`qqisidir. Men uchun Olimpiya o`yinlari oltin medali afzalroq. Sababi, havaskor boksdagi yagona maqsadim Olimp cho`qqisini zabt etishdir. Ushbu orzuim amalga oshganidan so`ng professional ringda jahon chempionligi kamari uchun bor kuch g`ayratim bilan harakat qilaman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1