1

Xalq ta`limi vazirligi maktablarda ona tili va adabiyot fani soatlari nega qisqartirilganligiga oydinlik kiritdi

Jamiyat 14.07.2020, 06:47
Xalq ta`limi vazirligi maktablarda ona tili va adabiyot fani soatlari nega qisqartirilganligiga oydinlik kiritdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Ona tili va adabiyot fani soatlarini qisqartirilganligi mavzusi keng muhokama bo`lmoqda. Avval ham bu bo`yicha vazirlik bir necha bor izoh va tushuntirish bergan. Bugungi muhokamalar fonida Xalq ta`limi vazirligi masalaga yana bir bor oydinlik kiritdi.

Davlatimiz rahbari 24 yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida maktab o`quv dasturlarini ilg`or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o`quv yuklamalari va fanlarni qayta ko`rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari ko`tarilgan.  

Huquqiy asos  

Amaldagi tayanch o`quv rejasini Xalq ta`limi vazirligi tomonidan qayta ko`rib chiqilishi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining  “Yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish chora-tadbirlari to`g`risida” Qaroriga asosan amalga oshirilgan. Qarorda 2019-2020 o`quv yilidan boshlab amaldagi o`quv rejani 10 foizga qisqartirish topshirilgan.

SanPin me`yori oshib ketgan

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018 yil 27 aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlarida 1-4-sinf o`quvchilarining haftalik o`quv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me`yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlang`ich sinflarning o`quv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga muvofiqlashtirilgan.

Maktablarda Ona tili fani oliy ma`lumotli filolog tayyorlashga yo`naltirilgan

Mazkur fan o`quv dasturlarini chuqur tahlil qilish natijasida unda muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy ma`lumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yo`naltirilgan mavzular borligi aniqlangan va bu narsa ertaga filologiya bo`yicha faoliyatini davom ettirmaydigan o`quvchi uchun ortiqchaligi aniqlanib, o`quv dasturlaridan qisqartirilgan.

Bir narsaga e`tibor qarating, maktablarda ona tili uchun o`quv yuklama soati 68 soatni, XORIJIY TILLAR UChUN 29 SOATni tashkil qilar ekan. Bir mulohaza qilib ko`ring, bir bola maktabga borib bitirgunga qadar mutlaqo yangi tilni NOLdan o`rganishga 29 soat talab qilinar ekanda, o`zi bilgan ona tili uchun bu me`yor 2 barvardan ortiqni tashkil qilar ekan.  

Aytish joizki, Ona tili va adabiyot fani asosan 2-6 sinflar uchun qisqartirilgan. Xususan, 5-sinfda ona tili va adabiyoti fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlangan, 5-sinfdagi 40 ta mavzu, 6-sinfda 23 ta mavzu yuqori sinflarga o`tkazilgan.

Ya`ni asosiy e`tiborni fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli ta`lim berishga qaratilishi maqsad qilingan.

Xalqaro tajriba o`rganilganda...

Etakchi olimlar, soha mutaxassislari va amaliyotchi o`qituvchilar tomonidan Ona tili va adabiyot fanining o`qitilishi xorijiy davlatlarda o`qitilishi tahlil qilinganda quyidagilar aniqlangan:

Ona tili va adabiyoti fanining haftalik o`quv soati Estoniyada 39 soat, Germaniyada 41 soat, Finlyandiyada 42 soat, Angliyada 43 soat, Janubiy Koreyada 46 soat, Belorussiyada 42 soat, Qozog`istonda 58 soatni tashkil etadi. Mazkur davlatlar umumta`lim maktablarida ona tili va adabiyot fani umumta`lim davrida Estoniyada 1365 soat, Germaniyada 1230 soat, Finlyandiyada 1596 soat, Angliyada 1591 soat, Janubiy Koreyada 1886 soat, Belorussiyada 1428 soat, Qozog`istonda 1914 soat o`qitiladi.

Shularni inobatga olib O`zbekiston umumta`lim maktablarida ona tili va adabiyot fanining o`quv dasturlari xorijiy tajribalar asosida o`quvchilarda tinglab tushunish, o`qib tushunish, yozish va og`zaki nutq ko`nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yo`naltirilgan holda takomillashtirilgan.

Yangi umumiy o`rta ta`lim maktablari uchun 2020-2021 o`quv yiliga mo`ljallangan tayanch o`quv rejada ona tili va adabiyot fanini haftada 57 soat, yillik jami 1938 soat o`qitilishi belgilangan.

Xulosa o`rnida  

Bugun ta`lim tizimining asosiy maqsadi bolaning dars soatlarini ko`paytirish emas, balki davlat byudjeti doirasida ajratilgan soatlardan imkon qadar samarali foydalangan holda ta`lim sifatini oshirishdan iborat.

Biz har bir maktab bitiruvchisini filolog emas, o`z ona tilini tinglab, o`qib tushuna oladigan, to`g`ri yozishni biladigan va og`zaki nutqi ravon bo`lgan shaxs sifatida tarbiyalanishini maqsad qilganmiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1