AsosiySiyosat

Prezident aholiga 1-1,5 gektardan plantasiya tarqatib, 2-2,5 ming oilaning bandligini ta`minlash bo`yicha topshiriq berdi

'Prezident aholiga 1-1,5 gektardan plantasiya tarqatib, 2-2,5 ming oilaning bandligini ta`minlash bo`yicha topshiriq berdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 iyul kuni videoselektor yig`ilishi o`tkazdi. Unda qishloq va suv xo`jaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish bo`yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

«Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashdan boshlab, qayta ishlash va eksportdan qo`shimcha daromad olishgacha bo`lgan juda ko`p masalalar aynan qishloq xo`jaligi rivoji bilan bog`liq. Shuning uchun davlatimiz tomonidan qishloq xo`jaligini tubdan isloh qilib, bozor mexanizmlarini joriy etish, rezerv va imkoniyatlardan to`liq foydalanish, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil qilishga kirishildi. Prezidentning 2019 yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan qabul qilingan Qishloq xo`jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasida bu boradagi eng dolzarb va istiqbolli vazifalar belgilab berildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Sohani modernizasiya qilish bo`yicha 500 million dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan Jahon banki bilan kelishuvga erishildi. O`zbekiston tarixida birinchi marta ilm va innovasiyani rivojlantirib, tarmoqda boshqaruvni xalqaro standartlar asosida tashkil etishga mablag` yo`naltirilmoqda.

Bugungi yig`ilishda aynan shu masalalarga birinchi navbatda e`tibor qaratilgan. Agrar soha rivojlangan davlatlarda qo`llanilayotgan «Qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalarni o`z ichiga olgan xizmatlar tizimi»ni yurtimizda ham joriy etib, ilm bilan ishlab chiqarishning o`zaro bog`liqligini ta`minlash muhimligi ta`kidlandi.

Mazkur loyiha doirasida shu yo`nalishdagi 8ta ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Qishloq xo`jaligi vazirligi tarkibidagi bir qator tashkilotlar faoliyati tubdan isloh qilinib, zamonaviy laboratoriyalar va uskunalar bilan jihozlanadi. Buning uchun Jahon bankining 124 million dollar investisiyasi va Evropa Ittifoqining 2 million dollar grant mablag`lari yo`naltiriladi.

Bosh vazir o`rinbosari O`ktam Barnoevga xalqaro ekspertlar bilan birga ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini chuqur tahlil qilib, ularni tubdan takomillashtirish bo`yicha har bir institut uchun alohida «yo`l xaritasi» ishlab chiqish topshirildi. Bu muassasalarga zamonaviy bilimga ega, ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy qiladigan salohiyatli kadrlarni jalb etish muhimligi aytildi.

«Qishloq xo`jaligi vazirligi bu imkoniyatdan to`g`ri foydalangan holda, eskicha ishlash uslubidan to`liq voz kechib, fermerlarga yaxshi xizmat ko`rsatish va yangi servis turlarini kengaytirishga o`tishi kerak. Bir so`z bilan aytganda, vazirlik va uning tarkibidagi tashkilotlar faoliyati transformasiya qilinishi zarur», dedi Shavkat Mirziyoev.

Raqamli texnologiyalardan foydalanilayotgan loyihalar samaradorligi qayd etilib, bu boradagi ishlarning borishi muhokama qilindi.

Meva-sabzavotchilik kooperativ va klasterlari faoliyatini qo`llab-quvvatlash uchun 212 million dollar ajratilishi belgilangan.

Prezident ichki bozorni arzon mahsulotlar bilan ta`minlash, «daladan iste`molchigacha» tizimini joriy etishda meva-sabzavotchilik klasterlari asosiy drayver bo`lishi kerakligini ta`kidladi.

Shu bois, ajratilayotgan mablag`ni to`g`ri yo`naltirib, bir so`mni ikki so`m qiladigan loyihalarni ishlab chiqish, buning uchun mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va eksportga tayyorlash quvvatlarini oshirishga alohida ahamiyat qaratish zarurligi aytildi.

Tumanlarni qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashtirish masalasi ham ko`rib chiqildi. Bu borada Jizzax viloyati namuna bo`lib, kelgusi uch yilda viloyatda qariyb 120 ming gektarga yaqin er o`zlashtirilishi, bog` va tokzorlar tashkil qilinib, moyli ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.

Bu tajribani bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilish, har bir tumanda ko`pi bilan 3-4ta eksportbop va yuqori daromad beruvchi mahsulot etishtirishni yo`lga qo`yish zarurligi qayd etildi.

2021 yil yakunigacha 3 ming gektarda plantasiya shaklida intensiv bog`lar barpo etib, yangi tartib asosida aholiga 1-1,5 gektardan tarqatgan holda, 2-2,5 ming oilaning bandligini ta`minlash bo`yicha topshiriq berildi.

    Boshqa yangiliklar