1

“Insofli soliq to`lovchi” tizimini shakllantirish vazifasi qo`yildi

Siyosat 27.07.2020, 21:26
“Insofli soliq to`lovchi” tizimini shakllantirish vazifasi qo`yildi

Bugun bo`lib o`tgan yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga bag`ishlangan yig`ilishda mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqoriligi aytib o`tildi. Shu bois keyingi yillarda biznesga qo`shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko`rilmoqda. 

Xususan, valyuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va lisenziyalash qoidalari qisqartirildi. Bularning natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushgan.

Yig`ilishda bu boradagi ishlar etarli emasligi qayd etilib, galdagi vazifalar muhokama qilindi. Xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo`yicha strategiya ishlab chiqish topshirig`i berildi.

Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ehtiyot bo`lish, iqtisodiy faollikka zarar etkazib qo`ymaslik, buning uchun davlat organlari, biznes va jamoatchilik hamjihatlikda ishlashi muhimligini ta`kidladi.

Soliq islohotlarini izchil davom ettirib, yashirin iqtisodiyotga yo`l qo`ymaydigan tizim joriy etish vazifasi qo`yildi. “Insofli soliq to`lovchi” tizimini shakllantirib, shu yil yakuniga qadar Toshkent shahrida namuna sifatida amalga oshirishga ko`rsatma berildi.

Davlat xaridlari va investisiya loyihalarida korrupsiyaga chek qo`yish masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Moliya vazirligiga bu borada shaffoflikni ta`minlash, jamoat nazorati va raqobatni kuchaytirish maqsadida Davlat xaridlari axborot portalini ishga tushirish topshirildi.

Endilikda har bir investisiya loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilishi belgilandi. 2021 yildan boshlab ushbu tizim markazlashgan mablag`lar hisobiga amalga oshiriladigan barcha loyihalarga tatbiq etiladi.

Davlat organlarida ham yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimi joriy etilmoqda. Xususan, Qurilish, Sog`liqni saqlash hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklarida, “O`zbekneftgaz” va “O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatlarida bu borada ishlar boshlangan. Yil yakunigacha yana 14 ta tashkilotda va davlat ulushiga ega 10 ta bankda ushbu tizimni joriy etish vazifasi qo`yildi.

Sohalar va yo`nalishlar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha “yo`l xaritalari” ishlab chiqish hamda ijrosini muhokama qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, davlat organlari, korxonalar va hududlarda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot reyting metodikasi ishlab chiqilishi belgilandi. 2021 yildan boshlab ushbu reyting natijalari e`lon qilib boriladi, shu asosida barcha rahbarlarning shaxsiy mas`uliyati baholanadi.

Yig`ilishda bojxona va soliq tizimiga doir masalalar ham ko`rib chiqildi. Inson omiliga chek qo`yish orqali kontrabanda va mahsulotlarning bojxona qiymatini sun`iy pasaytirish holatlari ustidan bojxona nazoratini kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.

Davlat bojxona qo`mitasi va Davlat soliq qo`mitasiga import tovarlarining kirib kelishi, bojxonadan o`tkazilishi va sotilishi bo`yicha yagona bazani ishga tushirish bo`yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan “Bojxona auditi” axborot tizimini joriy etish vazifasi belgilandi. 

Prezidentimiz yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun odamlarning legal ishlashiga ko`maklashish, ularni manfaatdor qilish kerakligini ta`kidladi.

Mavzuga oid: 

Sohalar kesimida korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha “yo`l xaritalari” ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1