O`zbekistonda koronavirusdan vafot etganlarning jasadini marhumning yaqinlariga berish tartibi o`zgarishi kutilmoqda. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Anvar Alimov ma`lum qildi.
«Koronavirus Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan ikkinchi guruh – o`ta xavfli infeksiyalar guruhiga kiritilgan. Bu holatda koronavirusdan o`lgan murda ham kasallikni chaqirish imkoniyatiga ega deb qaraladi. Shu bois jasadlar patalogoanomatik ko`rsatmalar asosida yuvilib, o`rab, to`g`ridan to`g`ri ko`mishga olib borilayotgan edi.
Kuni kecha mutaxassislar ishtirokida o`tkazilgan katta yig`ilishda bu tartibga o`zgartirish kiritish masalasi ko`rib chiqildi. Respublika patalogoanatomiya markazi olib borgan o`rganishlar bo`yicha taklif berildi – bemor vafot etgandan keyin ikki soat o`tgach, virus jasadda o`z kuchini yo`qotadi. Shu nuqtayi nazardan, jasad ikki soat saqlangandan keyin uni qarindoshlariga berib yuborishga ruxsat berish taklifi ilgari surilyapti», – deya Alimovning so`zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shtab a`zosi Habibullo Oqilovning ma`lum qilishicha, bu taklif hozirda respublika maxsus komissiyasi tomonidan ko`rib chiqilmoqda.
«Xitoyda, Koreyada, Yaponiyada hozirgacha koronavirusdan o`lgan bemor tanasini dezinfeksiya qilib, ikkita germetik paketga solib, qarindoshlariga bermay, to`g`ri krematoriyga yuborish amaliyoti saqlanib turibdi. Bizda hozirgacha jasadni yuvish, kafanlash – barcha rasm-rusumlarni patalogoanatomiya byurosida bajarib, dafn marosimi SES xodimi va yaqin qarindoshlar ishtirokida o`tkazilayotgan edi.
O`rganishlarimizga asosan, virus faqatgina tirik hujayrada yashab, jasadda 2 soatdan keyin yuqish kuchini yo`qotishi yoki juda pasayishini inobatga olgan holda tartibga o`zgartirish kiritiladi – yuvish va kafanlash byuroda o`tkaziladi, keyin jasad qarindoshlarga beriladi. Janoza 5-10 nafardan ko`p bo`lmagan eng yaqin qarindoshlar ishtirokida mozorboshida o`qiladi», – dedi Oqilov.