AsosiySiyosat

Prezident Musa Erniyazov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

'Prezident Musa Erniyazov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi'ning rasmi

O`zbekiston xalqi og`ir judolikka uchradi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpog`iston Jo`qorg`i Kengesi raisi – O`zbekiston Respublikasi Senati Raisining o`rinbosari, O`zbekiston Qahramoni Musa Tajetdinovich Erniyazov shu yil 31 iyul kuni 73 yoshida og`ir kasallikdan so`ng vafot etdi.

Musa Erniyazov 1947 yil 20 dekabr kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi Kegeyli tumanida tug`ildi. O`rta maktabni tugatib, 1971 yilda Toshkent qishloq xo`jaligini irrigasiyalash va mexanizasiyalash muhandislari institutini, 1986 yili Toshkent Oliy partiya maktabini tamomladi.

Mehnat faoliyatini qurilish muhandisi lavozimidan boshlab, keyinchalik Qoraqalpog`iston Respublikasining Vazirlar Kengashida katta referent, boshqarma boshlig`i, ishlar boshqaruvchisi bo`lib ishladi.

1983-1989 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri, Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasi raisi, Chimboy tumani hokimi lavozimlarida samarali faoliyat ko`rsatdi.

2002 yildan hozirgi vaqtda qadar Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi – O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o`rinbosari lavozimida ishladi.

Musa Tajetdinovich Erniyazov qariyb 50 yillik mehnat faoliyati davomida o`zining ulkan rahbarlik salohiyati, boy bilim va tajribasi, ma`naviy fazilatlari bilan, Vatanimizga beqiyos muhabbati va sadoqati bilan haqli ravishda xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan ulug` inson edi.

Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpog`iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, Orol bo`yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, aholining turmush darajasini oshirish bo`yicha ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirildi.

Qoraqalpoq diyorida keyingi yillarda yuz bergan barcha ulkan o`zgarishlar Musa Tajetdinovich Erniyazovning nomi va amaliy faoliyati bilan chambarchas bog`liqdir.

U qoraqalpoq elining haqiqiy etakchisi sifatida doimo xalqning dardu tashvishlari bilan yashadi. Ayniqsa, keksa avlod vakillari, mehribon opa-singillarimiz, aziz yoshlarimizning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning munosib kelajagini ta`minlash yo`lida chinakam jonbozlik ko`rsatib sidqidildan xizmat qildi.

Musa Tajetdinovich Erniyazov O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o`rinbosari sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish ishiga ulkan hissa qo`shdi, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotimiz uchun zarur bo`lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo`lida ayniqsa  faollik ko`rsatdi.

Musa Tajetdinovich Erniyazovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan quruvchi” va “O`zbekiston qahramoni” degan yuksak unvonlar bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning ulug` farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va fidoyi inson Musa Tajetdinovich Erniyazovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Q.Sariev

    Boshqa yangiliklar