Ayni daqiqalarda Prezident Shavkat Mirziyoev navbatdagi videoselektor yig`ilishi o`tkazmoqda. Tadbirda bugun O`zbekiston bo`ylab koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar chuqur tahlil qilinmoqda. Bu haqda Prezident Matubot xizmati xabar bermoqda.
Ta`kidlanishicha, oxirgi paytda dunyoda COVID-19 infeksiyasining tarqalishi keskin tezlashib, jami kasallar soni 19 millionga yaqinlashgani, qurbonlar ham ko`paygani afsus bilan ta`kidlandi. Vaziyat g`oyat jiddiyligini 31 iyulda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti pandemiya bilan bog`liq xalqaro favqulodda holatni yana 3 oyga uzaytirgani ham ko`rsatib turibdi.
Mamlakatimizda oxirgi bir haftada 5 mingdan ortiq yangi kasal aniqlanib, jami virus yuqtirganlar soni 27 mingtaga yaqinlashdi. Eng yomoni, koranovirusga qo`shimcha tarzda, asorati og`irroq bo`lgan pnevmoniya holatlari ham ko`paymoqda.
Ushbu holatni inobatga olib, yurtimizda qo`shimcha choralar ko`rildi. Jumladan, oxirgi 20 kunda koronavirusni davolash o`rinlari 3,5 barobarga ko`paytirildi va qariyb 65 mingtaga etkazildi.
Joylarga qo`shimcha ravishda qariyb 800 ta tez tibbiy yordam mashinalari etkazib berildi.
Qo`shimcha 4 mingta nafas berish uskunalari (O`SV, portativ sun`iy nafas berish apparati, kislorod konsentratori) olib kelinib, ularning soni 6,5 mingtaga etdi.
– Aholi o`rtasida virus tarqalishining oldini olish va bemorlarni davolash bo`yicha olib borilayotgan tizimli ishlarni yanada kuchaytirgan holda davom ettirishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.