“Men kinoyulduz emas, aktrisaman. Shunchaki kinoyulduz bo`lish bu — mashhurlik uchun sarflangan behuda umr. Aktyorlik esa bir umrlik va unda istalgancha betakror rollarni ijro etish mumkin”, degandi Viven Li. Bugungi qahramonimiz ham kinoyulduz emas, AKTYoR bo`lishni afzal bilgan teatr va kino ustunlaridan biri, O`zbekiston xalq artisti Erkin KOMILOV. Ustoz san`atkorning achchiq haqiqatlari ko`pgina hamkasblariga dars bo`lsa ajabmas. Zero, do`st achitib gapiradi...
“Ekranda zamon qahramonlari yo`q”
— Oldindan aytaman, bu maqolani o`qigan hamkasblarim, rejissyorlar gaplarimni hazm qilolmas balki. Lekin yuz xotir qilaversak, chetdan kimdir kelib xatolarimizni tuzatib ketmaydi. Yashirmayman, bugungi kundagi o`zbek kinosidan to`la qoniqmayman. Boisi oilaviy mojaro, yomon qaynona, sevgi-muhabbat kabi engil mavzularga o`ralashib qolgan. Rejissyorlar Sobir Nazarmuhamedov, Hilol Nasimovnikidek jiddiy mavzulardagi filmlar kishini quvontiradi. Ijodkorlarning oldidagi vazifa bu – zamon qahramonini gavdalantirish. Zamon qahramoni bu – osmonimiz musaffoligi, yurtimizning tinchligini ta`minlayotgan chegarachilar va, albatta, osoyishtaligimizga putur etmasligi uchun odilona siyosat olib borayotgan Prezidentimiz. Afsuski, dramaturgiyamiz oqsagani bois bugun ekranda zamon qahramonlari yo`q.
Mahoratiga emas, qosh-ko`ziga ishonadigan aktyorlar
Rejissyor Ibrohim Rasulov mas`uliyatsiz yosh aktyorlarni deb, bir yarim yildan buyon “Ishq va andux og`ushida” nomli filmini yakunlolmayapti.
- Misol bilan aytaman, Ibrohim aktyorlarni Chinobod sanatoriyasiga soat 10:00ga suratga olishga chaqirgandi. Ikki soat aktyor Umid Iskandarovni kutdim, oxiri mashinaga o`tirib ketayotgandimda pista chaqib kelayayotganiga ko`zim tushib qoldi. Mashinadan tushdim, o`zidan katta san`atkorni kuttirish qanday bo`lishini o`zi uchun bilib oldi...
- Gulchehra Eshonqulovani ham soatlab kutish «baxtiga muyassar» bo`lganman. Bu aktrisaga ham ish va o`zidan katta aktyorga bo`lgan munosabatiga yarasha muomala qilganman. Men betakrorman, qabilida ish tutish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.
Bugungi kunda istalgan vaqtda suratga olish maydonchasiga borish yosh aktyorlarga tekkan kasallik, shekilli. Rejissyor Hamid Qahramonovning bir filmida suratga tushayotgandim. Suratga olish maydonchasida Adiz Rajabov degan aktyorni ikki soatdan oshiq poyladim. Rejissyor har qo`ng`iroq qilganida “mana etib keldim”, deydi. Bu aktyorlar mahoratiga emas, ko`z-qoshiga ishonishi turgan gap! Drama aktyorlari har kuni pesa, asar o`qiydi. Kino aktyorlaridan oxirgi marta qaysi kitobni o`qiding?” deb so`rab ko`ring-chi? Mana shunday yosh aktyorlar ikkita filmda ko`rinib, yulduz bo`lib olishadi. Bunga sabab, rejissyorlar ularni “filmimda falonchi o`ynayapti”, deb ko`klarga ko`tarishadi. Ular “yulduz” bo`lsa, O`zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov, To`ti Yusupova, Rixsi Ibrohimova, Yayra Abdullaeva, Gulchehra Jamilovalar kim?! “Yulduz”larimizni ijodiy faoliyati haqida ko`rsatuv tayyorlab, hamma o`ynagan rollaridan parchalar kesib ketma-ket ko`rsatilsa, bitta film ko`rayotgandek bo`lasiz. Rollarida xarakter, “yuk” yo`q. O`zbekiston xalq artisti Shukur Burxonov “rolni chetib-chertib tanlab, undan xarakter topa bilsanggina o`ynagin. Yo`qsa xalqning me`dasiga tegib, nazaridan qolasan”, derdi. Naqadar haq gap! Bir vaqtlar katta ekranda yoqimtoylar safidan tushmagan aktyor-aktrisalarimiz bugun kamnamoligining sababi ham shunda. Dazmol yoqqandayam o`shalar chiqavergandan keyin tomoshabin ularni qabul qilmay qo`ydi. Natijada nazardan qolishdi. O`rta yoshdagi aktyor-aktrisalarimiz ham bu ro`yxatdan mustasno emas. “Istiqlol” san`at saroyining rshparasida bir qoraqalpoq filmini suratga olayotganimizda uch-to`rtta onaxonlar oldimga kelib, “Sizga iltimosimiz bor edi. Murod Rajabov, Ra`no Yarasheva, Saida Rametova, Adiz Rajabov, Alisher Uzoqov kinoda rol o`ynamasin, gapimizni etkazib qo`ying”, deyishdi. Ular hamkasbim bo`lgani uchun bu tanqid og`ir botdi, albatta. Lekin har kimning o`z haqiqati bor, tomoshabin doim haq! Lekin filmdan filmga “ko`chib” yuradigan hamkasblarim tomoshabinga past nazar bilan qaraydi, ularning fojiasi shunda. Aslida esa tomoshabinlarimiz zukko, zehnli, filmlarni tanlab tomosha qiladi. Aktyorlar achchiq haqiqatlarimni qabul qilmasliklari turgan gap. Chunki rejissyorlardan maqtov eshitib o`rganishgan-da. Bilasizmi, ustozim Shukur Burxonovning shapaloqlari, tanbehlari bilan bugun ozmi-ko`pmi muxlislarga ega bo`lib, Erkin Komilov bo`lib yuribman. Aytilgan gaplardan to`g`ri xulosa chiqarish ham muhim omillardan. Kuni kecha Satira teatrida ishlaydigan bir aktyorga “Nuqtadan keyingi gap o`ziga urg`u oladimi?” degan birgina savolimdan keyin men bilan gaplashmay qo`ydi. Bunday munosabatdan so`ng yoshlarga bilmaganini o`rgatishga ham ikkilanasan kishi.
“Viloyat teatrlarida Ubaydulla Omondan boshqa aktyor yo`qmi?”
— Negadir rejissyorlarimiz bitta aktyor-aktrisaga yopishib olib, hamma filmida o`shani o`ynataveradi. Dangasaligi sabab, rolga mos aktyorlarni izlamaydi. Buxorodan faqat Ubaydulla Omonni chaqiraverishadi. Iste`dodli aktyor, qarshiligim yo`q. Lekin boshqa viloyatlarda ham Ubaydulladek o`z ishining ustalari bor-ku! Nega ularni izlab topib, yangi aktyorlarni kashf qilishmaydi? Yangi chehralarni ekranga olib chiqish uchun rejissyorlar teatrga borib, spektakllarni ham ko`rishi shart. Biroq kinorejissyorlarning birortasini shaxsan men teatrda ko`rgan va “falon spektakldagi aktyorni filmimga chaqirdim”, deganini eshitgan emasman. Bir haftada film suratga olishyapti, qoyil qolaman. Kamiga bu “xontaxta” filmlar rejissyorlarining barini oyog`i erdan uzilgan, osmonda uchib yurishadi. Hatto bizlarni aktyor o`rnida ko`rmay, salom berish ham ularga malol keladi.
“Ulfatlar”da aktyorlar uvol bo`lgan”
— Ishonsangiz, xususiy filmlarni ko`rish uchun kinoteatrga bormay qo`yganimga ancha yillar bo`ldi. Va ularda suratga tushishni xushlamayman. Boisi o`ttiz-qirq yildan keyin “xontaxta”lar unut bo`lib ketadi. Davlat kinokartinalari esa yillar o`tgandan keyin ham oltin meros bo`lib qolaveradi. Tilim kuygan qatiqni ham puflab ichadi-da. “Ulfatlar” filmini birinchi fasli ssenariysini Shuhrat Qaxxor yozgandi, shu bois unda tomoshabinga aytiladigan gap bor edi. Ikkinchi faslida esa Murod Rajabovning ssenariysi asosida suratga olindi, deyarli hech kimga maqul kelmadi. Chunki filmning “yuk”i yo`q, aktyorlar uvol bo`lgan. Xorazmdaligimda “Uchinchi faslini suratga olamiz”, deb qo`ng`iroq qilishdi, “avval ssenariyni o`qiyman!” deb shart qo`ygandim. Murod suratga olish uchun Tailandga uchib ketgan, “ssenariyni o`sha erda o`qiysiz”, degan gapga ishonib ortidan bordim. Murod boshini ko`rsatib, “ssenariy mana bu erda”, dedi. Tailanddaman, ortga yo`l yo`q. Qo`limga sumak berib, “Bozorda sotasiz, keyin shunda sigareta chekasiz”, dedi, bosh tortdim. So`ng bu vazifani o`zi ijro etdi. Film tayyor bo`lgach, badiiy kengash bilan fikrim bir erdan chiqdi, qabul qilishmadi...
Kuni kecha rejissyor Akmal Ibragimov bir serialga chaqirdi, taklifini rad etdim. Hayron bo`lib, “20 qismning hammasida ko`rinasiz-ku!” deydi. Hamma gap shunda-da, har bitta qismda chiqaman, lekin rolning “yuk”i yo`q. So`ng “Ayol sha`ni” serialiga chaqirdi, bajonidil rozi bo`ldim, boisi qahramonimning tomoshabinga aytadigan gapi bor. Bunday rollarni qo`ldan boy bermayman!
“To`yni birinchi, kinoni ikkinchi, teatrni esa uchinchi darajaga qo`”
— Teatr aktyori sifatida teatrdagi yutuq-kamchiliklarga ham to`xtalishim joiz. Rosti, ko`pchilik yosh aktyor-aktrisalardan hafaman. Chunki ularning ishga bo`lgan munosabati haminqadar. Masalan, O`zbek Milliy akademik drama teatrida ishlaydigan aksariyat hamkasblarim uchun teatr xobbi bo`lib qolgan. Kelajakni o`ylamay, pul uchun to`ylarga chiqib, bugungi kun bilan yashashyapti. Xalq xizmatlariga chiqmasin, demayman. Men ham o`z vaqtida muxlislarimizning yaxshi kunlarida birga bo`lganman. Lekin mo`may daromadni deb, teatrdagi rolimni tashlab, to`yni tanlagan emasman. Yosh va o`rta avlod aktyorlar repetisiyaga uyalmay ustoz san`atkorlardan keyin kirib kelishadi. Bizni davrimizda Zaynab Sadrieva, Shukur Burxonov kabi katta-katta aktyorlardan keyin teatrga kech qolib borishga nomus qilardik. Hozir yoshlar me`yor chegarasini unutib qo`yishgan. Kamiga rol mos kelsa-kelmasa tinimsiz kinoda ko`rinishdan tab tortishmaydi. To`yni birinchi, kinoni ikkinchi, teatrni esa uchinchi darajaga qo`yadigan hamkasblarim etarlicha. Nomma nom sanashni istamayman, maqolani o`qiyotgan hamkasblarim o`zini tanib oladi.
“Teatrda katta-katta asarlarga qo`l urishga arziydigan rejissyorning o`zi yo`q”
— Teatrga ishga kelganimga 49 yil bo`ldi. Endi rol tanlashga haqqim bor, chunki umrim o`tyapti. Bu haqda so`z boshlashimning boisi keyingi vaqtlarda mayda-chuyda spektakllar bilan o`ralashib qolyapmiz. O`z ishining ustasi bo`lgan rejissyorlarni ishga chaqirishsa qaniydi. Masalan, “Ufq”, “Amir Temur” spektakllarini sahnalashtirgan Olimjon Salimov iste`dodli rejissyor. Shu rejissyorni teatrga ishga olish taklifini berganman, balki bu haqda o`ylab ko`rishar. Chunki teatrda katta-katta asarlarga qo`l urishga arziydigan rejissyorning o`zi yo`q-da. Nasib bo`lsa, Olimjon Salimov “Mirza Ulug`bek” spektaklini sahnalashtiryapti, Xudo xohlasa Ulug`bek rolini o`ynash istagidaman.
Asqar ?? O`zbekiston san`at va madaniyat institutining rejissura fakultetini tamomlab, bizni teatrga ishga keldi. O`lmas Umarbekovning asari asosida “Kuzning maktublari” spektaklini sahnalashtirdi. Fikrlari teran, shu rejissyorni Usmon Azimning asari asosida sahnalashtirilgan spektakli bilan kuni kecha Belarusda o`tgan festivalda qatnashib keldik. Lekin o`zbek teatri to`g`ri yo`lda. Bu fikrga o`sha festivalda ishtirok etib amin bo`ldim. Belarus bolalar teatrida birgina ichkiyimda spektakl o`ynaganlarni ko`rib, ularga nisbatan nafrat uyg`ondi. Va barchani birdek ezgulikka chorlovchi, ma`naviy ozuqa beruvchi spektakllar o`zbek teatrlarida ekan, degan fikrga yana bir bor amin bo`ldim. Aktyorlar inson ruhiyatining muhandisi, ruhiyatga ozgina tug`yon solib, tarbiyalaymiz. Fikr ruhiyatga hokim bo`lishi kerak, aksincha emas. Yo`qsa, nafs balosi ishga tushadi. Ijobiy, salbiy rollarimiz orqali esa tomoshabin ruhiyatini ezgulik sari yo`naltiryapmiz.
Ancha yillar avval teatrga tomoshabinni qaytarish maqsadida komediyalar qo`yildi. Lekin ular maynavozchilikka aylanib ketdi. Engil-elpi asarlar bilan xalqning ortidan ergashib, aktyorlik mahorati, ikkinchi plan – gapning tagidagi ma`noni chiqarib berish kabi muhim omillar unitildi. Natijada “teatrga tomoshabin kelmayapti”, deb ularni aybdorga chiqaryapmiz, vaholanki ayb o`zimizda. Aslida tomoshabinni o`zimiz tizginlay olomayapmiz. Ustozim Shukur Burxonov “Sahnada shunday mahorat bilan rol ijro etginki, har daqiqada yo`talib turadigan tomoshabin mahoratingdan yo`tali yodidan chiqib qolsin”, degandi. Teatrdagi ba`zi aktyorlarga shunday mahorat etmayapti. Chunki spektakl o`ynash mobaynida xayoli to`y, charlarida. Hatto grimsiz, xalq xizmatlariga ketadigan libosida sahnaga chiqaveradi.
Umr o`tyapti... Daryoning suvidek qirg`oqlarni buzib oqish shart emas. “Ko`lmak” bo`ling, mol-xol chanqog`ini bosib bahra olsin, qishda muzingizdan bolalar china uchib hursand bo`lsin. Aytmoqchi bo`lganim, “ko`lmak” bo`lsak ham kimgadir foydamiz tegsin.
Eng munosiblar...
— Xurmatingizga loyiq xususiy kinostudiyada faoliyat yuritadigan rejissyor?
— Ibrohim Rasulov. Qolgan birorta rejissyor e`tiborimga loyiq emas, ularni tanimayman ham, ular ham meni tanimasa kerak.
— Rustam Sa`diev-chi? “O`gay ona” filmida ishlagansiz-ku!
— Hamma gapni aytishga majbur qilyapsiz-da. Shu film uchun arzimas gonorar yozib bergan. O`shanda qo`ng`iroq qilib, “Mehnatim singan, bergan gonoraring kam-ku?” deganimni bilaman, o`dag`aylab “sizni qaytib filmlarimga taklif qilmayman!” degan. “Unda ochimdan o`lar ekanman-da”, degandim. Mana rejissyorning aktyorga munosabati.
— Televizor ko`rayotganingizda asabingizga tegadigan holat?
— “Toshkent” teleradiokanalining “Toshkent vaqti” ko`rsatuvidagi ba`zi boshlovchi yigit-qizlarning “diksiya”si yo`qligi asabimni buzadi. O`sha boshlovchi yigitni ko`rsam, o`ziga aytadigan gapim bor...
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi