1

Senat IIV va Bosh prokuraturaga parlament so`rovi yuborish to`g`risida qaror qabul qildi

Siyosat 07.08.2020, 20:44
Senat IIV va Bosh prokuraturaga parlament so`rovi yuborish to`g`risida qaror qabul qildi

Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash kabi jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasiga parlament so`rovi yuborish to`g`risidagi masala ham ko`rib chiqildi.

Ta`kidlanganidek, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi surishtiruv va tergov organlarida, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqqa solish va boshqa shafqasiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash kabi jinoyatlar sodir etilishi holatini o`rgandi.

So`nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta`minlashga, shuningdek, ularning sha`ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu borada bir qator me`yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Yana bir jihat, 2019 yilda birinchi marta BMTning Qiynoqqa qarshi kurashish qo`mitasiga Qiynoqlarga solishga va muomalada bo`lish va jazolashning boshqa shafqasiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konvensiyada belgilangan majburiyatlarning bajarilishi to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasining ma`ruzasi bilan birga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ning Muqobil ma`ruzasi ham taqdim etilishi belgilandi.

Biroq aholidan kelib tushayotgan murojaatlar va sud amaliyotining tahlili huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan noqonuniy ta`sir choralarini qo`llash holatlari hamon uchrayotganini ko`rsatmoqda. Jumladan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) nomiga mazkur masalalar bo`yicha 2017 yilda 24 ta, 2018 yilda 101 ta, 2019 yilda 138 ta va 2020 yilning 25 may holatiga 40 ta murojaat kelib tushgan. Ko`rinib turibdiki, Vakil nomiga kelib tushayotgan shikoyatlar soni yildan-yilga ko`payib bormoqda. Ushbu murojaatlarning barchasi nazoratga olingan holda ko`rib chiqish uchun O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga va Ichki ishlar vazirligiga yuborilgan.

Yuborilgan murojaatlarning bir qismi yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari haqida ma`lumotnomalar Vakilga taqdim etilmay kelmoqda.

Bosh prokuratura tomonidan berilgan ma`lumotlarga ko`ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat idoralari xodimlari hamda boshqa shaxslar Jinoyat kodeksining 235-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi natijasida 96 nafar shaxsga nisbatan jami 25 ta jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llaganlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarining 2017 yilda

8 nafari, 2018 yilda 4 nafari va 2019 yilda 6 nafari javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, sudlar tomonidan qiynoqqa solish va boshqa shafqasiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash bilan bog`liq 2017–2019 yillarda jami 21 ta ish ko`rilib, 38 nafar xodimga nisbatan hukm chiqarilgan.

Bu kabi holatlarning uchrashi aholining haqli e`tiroziga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va odil sudlovga nisbatan ishonchning yo`qolishiga olib kelmoqda.

Qolaversa, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o`rniga ham salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Xususan, Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlarining Siyosiy barqarorlik va zo`ravonlik yo`qligi subindikatori bo`yicha 212 ta davlat orasida O`zbekiston 136-o`rinni egallamoqda. “Jahon odil sudlov loyihasi” xalqaro nohukumat tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksining Asosiy (fundamental) huquqlarning ta`minlanganligi indikatori bo`yicha 128 ta mamlakat orasida O`zbekiston 110-o`rinni egallab turibdi.

Shunga asosan Oliy Majlis Senati qiynoqqa solish va boshqa shafqasiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash kabi jinoyatlar sodir etilishi holati va qilinishi lozim bo`lgan ishlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasiga parlament so`rovi yuborish to`g`risida qaror qabul qildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1