Keksalarimizni moddiy qo`llab-quvvatlash maqsadida shu yilning o`zida 2 million 750 ming nafar otaxon va onaxonlarimizning pensiya miqdori 20 foizdan ziyod ko`paytirilib, ularga davlat byudjeti hisobidan 12 trillion 888 milliard so`m pensiya to`langani, o`z vaqtida va uzluksiz etkazib berildi.
Bugungi kunda davlatimiz pensiyaga ajratadigan mablag`ning miqdori dunyodagi kamdan-kam davlatlar qatorida o`rtacha oylikning 41 foizidan ziyodini tashkil etishini yana bir bor aytib o`tmoqchiman.
Joriy yilda 1941-1945 yillardagi urushda qatnashgan va front ortida xizmat qilgan 61 mingdan ortiq faxriylarimizga kommunal xizmatlar bo`yicha 3 milliard 900 million so`m miqdoridagi kompensasiya pullari to`lab berildi. Shuningdek, 100 yoshga etgan va undan oshgan keksalarimizning pensiyasiga eng kam ish haqining 100 foizi miqdorida ustama to`lab borish tizimi tatbiq etildi va shu kabi bir qator boshqa chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Mahalliy hokimliklar, “Mahalla” jamg`armasi va boshqa nodavlat tashkilotlar, homiylar ko`magida yolg`iz va ijtimoiy madadga muhtoj qariyb 10 ming fuqaroning uy-joylari ta`mirlab berilganini qayd etish o`rinlidir.
Barcha hudud va mintaqalarimizda “Hech kim mehr va e`tibordan chetda qolmasin” degan shior ostida keksalar, pensioner va nogironlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko`rsatishni yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy tadbirlar o`tkazildi. Ularda 215 mingdan ziyod otaxon va onaxonlarimiz chuqur tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, ularning salomatligini tiklashga ko`mak berildi.
O`tgan yili qabul qilgan qarorimizga muvofiq 50 mingdan ortiq urush va mehnat fronti faxriylari, pensioner va nogironlar sanatoriylarda bepul davolandi. Ularning 7 ming nafariga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatildi, 5 mingdan ko`proq qariyalarimiz uchun zamonaviy klinikalarda operasiyalar o`tkazilib, ular o`z dardiga shifo topdi.
Joriy yilda Investisiya dasturi asosida 141 ta tibbiyot muassasasida qariyb 495 milliard so`m hajmidagi rekonstruksiya va ta`mirlash ishlari amalga oshirilgani, ularni zamonaviy diagnostika va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlash uchun xorijiy moliya institutlarining 25 million dollarlik mablag`lari jalb etilgani ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
Albatta, “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirgan ishlarimiz haqida yana uzoq gapirish, ko`plab raqam va misollarni olib kelish mumkin. Lekin ularni muxtasar ifoda qiladigan bo`lsak, dastur bo`yicha barcha manbalar hisobidan 2 trillion 246 milliard so`m va 225 million AQSh dollaridan ziyod mablag` sarflangani bu boradagi ishlarimizning ko`lami va miqyosidan yaqqol dalolat beradi, deb o`ylayman.
Ushbu raqamlar Prezident Islom Karimovning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida qayd etildi.