Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida korxonasidan mehnat ta`tili hamda ish almashtirish ta`tili olib O`zbekistonga qaytgan va 4 yil 10 oy bir korxonada ishlab qayta shartnoma bilan kelgan, Eps-topik test imtihonidan o`tgan va shartnomasi kelgan fuqarolar diqqatiga
Hurmatli fuqarolar sir emaski, pandemiya davrida butun dunyo aholisi qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda, kimdir ota-onasi, yana kimdir yaqinlari va do`stlaridan ayrilmoqda.
Bunday og`ir kunlar tez orada o`tib ketib, tinch va osoyishta hayotga qaytishimizni tilab, barchangizga karantin qoidalariga rioya qilishingiz hamda o`z salomatligingizga bee`tibor bo`lmasligingizni so`rab qolamiz.
Bugungi kunda pandemiya bo`lishiga qaramay Koreya Respublikasiga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish orqali oilasi va Vataniga oz bo`lsa ham halol mehnati bilan foyda keltirayotgan va bu maqsadni amalga oshirish niyatida bo`lgan fuqarolarimiz anchagina topiladi.
Shu kunlarda kimdir koreys tili bo`yicha test imtihonlaridan o`tish uchun koreys tilini o`rganmoqda. Kimningdir shartnoma loyihasi kelgan, yana kimlardir Koreya Respublikasidan qayta shartnoma bilan yoki ta`tilga kelgan va pandemiya sababli bugungi kunga qadar Janubiy Koreyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketish imkoniyati hozircha mavjud emas.
Mana shunday murakkab sharoitda Koreya Respublikasiga ishga jo`natish yoki Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi hamda tegishli vazirliklarda ishlashini, shu sohada tanish-bilishi borligi, Sizga mehnat shartnomasini chiqartirib berishi, shartnoma loyihasi kelganlarni Koreya Respublikasiga ketishini tezlashtirish, Agentlikka to`lanishi lozim bo`lgan to`lovlarni zudlik bilan uchinchi shaxslar orqali to`lanishi lozimligi, aks holda Koreyaga keta olmasligi kabi yolg`on ma`lumot berish, koreys tili test imtihonlaridan o`tkazib berish kabi asossiz va`dalarni berib, fuqarolarning ishonchiga kirib noqonuniy yo`l bilan pul topish kabi illatni o`ziga kasb qilib olgan firibgarlik holatlariga duch kelsangiz, zudlik bilan Agentlikning (71) 202-33-55 yoki IIV (1102), Bosh prokuratura (1007) ishonch telefonlariga murojaat qilishingizni so`raymiz.






