Ijtimoiy tarmoqlarda pandemiya davrida tibbiyot, SEOM va boshqa xodimlarga davlat tomonidan ajratilayotgan mablag`lar aslida to`lab berilmayotganiga oid xabarlar ko`paymoqda.
Turli sabablar bilan vaqtida to`lab berilmagan mablag`lar vakolatli organlar sa`y-harakatlari bilan undirib berilmoqda. Birgina Jizzax viloyati Do`stlik tuman adliya bo`limi tomonidan SEOM xodimlariga 24 million 412 ming 800 so`m undirib berildi.
Biroq ayrim hollarda qo`shimcha mablag` to`lanishi lozim bo`lgan toifaga kirmaydigan hamyurtlarimiz tomonidan ham mablag` to`lab berilmayotganiga oid norozichiliklar uchramoqda.
Bu kabi tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida qonunchilikka ko`ra pandemiya davrida qaysi xodimlarga va qancha miqdorda moddiy rag`batlantirish belgilanganligi Huquqiy axborot kanalida yana bir bor eslatib o`tildi:
1. Prezident Farmoniga (PF-5969-son 19.03.2020 y.) asosan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo`shimcha to`lovlar joriy qilindi.
2. Prezident qaroriga (PQ-4652, 26.03.2020 y.) asosan koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob`ektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo`shimcha rag`batlantirish to`lovi belgilandi:
- vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 million so`m;
- o`rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 15 million so`m;
- kichik tibbiyot xodimlariga — 10 million so`m;
- boshqa xodimlarga — 5 million so`m.
Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq:
- koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga to`lanadigan bir martalik to`lov miqdori 100 million so`m;
- koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og`ir ahvolga tushgan va sog`lig`i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a`zolariga to`lanadigan bir martalik to`lov miqdori 250 million so`m bir yo`la beriladigan qo`shimcha to`lovlar belgilandi.
3. Prezident qarori (PQ-4695, 24.04.2020 y.) bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi (Sanitariya-epidemiologiya xizmati) va uning hududiy bo`linmalari tibbiyot xodimlarining:
- lavozim maoshiga mehnatning sog`liq uchun xavfliligi va og`ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo`shimcha to`lovlar miqdori tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirildi;
- mehnatga haq to`lash razryadlari bo`yicha tarif koeffisienti 5 foizga oshirildi.
Bunda 6 foiz miqdorida kunlik qo`shimcha to`lov va qonunchilikda ko`zda tutilgan boshqa ustamalarni olish huquqi saqlanib qoladi.
4. Hukumat qaroriga (458-son 30.07.2020 y.) muvofiq koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlashga jalb qilingan tez tibbiy yordam xodimlari quyidagi miqdorda bir martalik moddiy rag`batlantirildi:
- vrachlar – 5 million so`m;
- o`rta tibbiyot xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) – 4 million so`m;
- haydovchilar – 3 million so`m.
Ushbu to`lovlar 2020 yil 1 iyungacha ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan tadbiq qilinadi.
5. Hukumat qarori (461-son 04.08.2020 y.) bilan: vaqtinchalik shifoxonalar, shuningdek, koronavirus infeksiyasini yuqtirgan shaxslarni davolash maqsadida tashkil etiladigan vaqtinchalik shifoxonalarda faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun Prezident qaroriga (PQ-4652, 26.03.2020 y) muvofiq maxsus qo`shimcha rag`batlantirish to`lovlari to`lanishi ko`zda tutildi.
Bundan tashqari, Prezident Farmonida (PF-5969-son 19.03.2020 y.) belgilangan 6 foizlik to`lov quyidagi to`lovlarga almashtirildi:
1. Hukumat qarori (446-son 20.07.2020 y.) bilan 2020 yil 20 iyuldan kuchaytirilgan tartib davrida har oy yakuniga qadar barcha tez tibbiy yordam brigadalarida ishlovchi xodimlarning lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo`shimcha to`lovlar o`rniga quyidagi miqdorlarda qo`shimcha moddiy rag`batlantirish to`lovlarini belgilandi:
- vrach xodimlarga — 2,5 million so`m;
- o`rta tibbiyot xodimlariga — 1,5 million so`m;
- haydovchilarga — 1,0 million so`m.
2. Hukumat qarori (461-son 04.08.2020 y.) bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida markaziy va oilaviy poliklinikalar negizida tashkil etiladigan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga ixtisoslashgan maxsus poliklinikalar (“COVID markaz”) xodimlarining lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo`shimcha to`lovlar o`rniga quyidagi miqdorlarda har oylik moddiy rag`batlantirish to`lovlari belgilandi:
- vrach xodimlarga — 2,5 million so`m;
- o`rta tibbiyot xodimlariga — 1,5 million so`m;
- kichik tibbiyot xodimlariga — 1,0 million so`m;
- boshqa xodimlarga — 500 ming so`m.






