1

Akademik Telman Rajabov vafot etdi. Prezident hamdardlik bildirdi

Jamiyat 14.08.2020, 12:35
Akademik Telman Rajabov vafot etdi. Prezident hamdardlik bildirdi

O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi.

Materialshunoslik fizikasi, ilmiy asbobsozlik va mikroelektronlar texnikasi sohasidagi taniqli olim, O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Telman Rajabov shu yil 12 avgustda 85 yoshida vafot etdi.

T.Rajabov 1935 yil 15 avgustda Samarqand shahrida  tug`ildi. 1959 yili N.Bauman nomidagi Moskva texnika universitetini tugatib, keyinchalik mazkur universitet aspiranturasida tahsil oldi. 1966 yili  nomzodlik, 1980 yili doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko`p yillik xizmatlari uchun 1995 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.

O`z mehnat faoliyatini 1959 yilda Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan iste`dodli olim qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Elektronika instituti laboratoriya mudiri, Markaziy ilmiy asbobsozlik konstruktorlik va texnologik byurosi direktori, Toshkent elektrotexnika aloqasi instituti rektori, Markaziy Osiyo telekommunikasiya o`quv markazi direktori, Toshkent elektrotexnika aloqasi institutining kafedra mudiri lavozimlarida samarali mehnat qilib, O`zbekistonda ilm-fan va ta`lim sohalarini rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo`shdi. 

Telman Rajabov mamlakatimizda fizikaviy materialshunoslik va mikroelektronikani ilmiy asbobsozlikda qo`llash ilmiy yo`nalishining asoschisi sifatida tanildi. Ushbu sohaning dolzarb ilmiy va amaliy masalalariga bag`ishlangan  ko`plab maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligining e`tirofiga sazovor bo`ldi.

Jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik T.Rajabovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Telman Rajabovning  yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1